Maktab o‘quvchisiga mobil telefon kerakmi?

 

Keyingi yillarda mobil telefonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgani sir emas. Hatto yoshlarimiz ham ta’lim muassasalarida undan foydalanyapti. Vaholanki, dars vaqtida smartfondan foydalanish o‘quvchilarni fanlarni yaxshi o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning aytishicha, “sotka” ko‘tarib yuruvchi bolalar boshqa o‘quvchilarga nisbatan yomon baholarda o‘qishar ekan. Sababi uyali telefon aqliy qobiliyatni pasaytirib, o‘quvchini va uning atrofidagilarni mashg‘ulotlardan chalg‘itadi. Umumta’lim maktablarida undan foydalanishni taqiqlash shubhasiz, yoshlarga diqqatli bo‘lish va ta’lim mazmuniga to‘liq kirishish imkonini beradi.

Mobil qurilmalar ko‘plab afzalliklarni taqdim etsa-da, haddan tashqari foydalanish ijtimoiy va hissiy farovonlikka, ayniqsa yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tadqiqotlar smartfonlardan foydalanishning ko‘payishi va yuzma-yuz muloqotning kamayishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatdi.

Ta’lim jarayonida mobil qurilmalardan foydalanishni taqiqlash tengdoshlar va o‘qituvchilar o‘rtasida ijtimoiy aloqalarni rag‘batlantiradi. Eng muhimi, sog‘lom munosabatlar va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Mobil qurilmalarning tobora ko‘payib borayotgani uyqu rejimiga, ayniqsa o‘smirlar orasida ham ta’sir ko‘rsatdi. Yotishdan oldin ekranlar tomonidan chiqariladigan nurning ta’siri melatonin ishlab chiqarishni buzish mumkin.

Achinarlisi, bugungi kunda qo‘l telefonlari va internet tarmog‘ida axloqqa zid tasvirlar shu darajada ko‘payib ketganki, bu hol yoshlarning odob-axloqi va ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Xo‘sh, bugun yoshlar telefondan nima maqsadda foydalanyapti, aloqa vositalari bilan qancha vaqt mashg‘ul bo‘lmoqda?

Bolalarning telefondan o‘zlari uchun kerakli ma’lumotlarni olishi, ma’rifiy foyda beradigan, odob-axloqqa chorlaydigan elektron kitoblarni o‘qishi ijobiy holat, albatta. Lekin keyingi paytda aksariyat yoshlarimiz mobil qurilmalardan to‘g‘ri maqsadda foydalanyapti, deb kim ayta oladi.

Shu ma’noda, bugun har bir ota-ona hayot tashvishlaridan biroz chekinib, farzandi tarbiyasi uchun vaqt ajratishi, bolalarni ko‘proq kitob o‘qishga jalb qilishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari uchun zarur sharoitlar yaratishi kerak.

Umuman olganda, mobil qurilmalardan foydalanishni taqiqlash, ta’lim jarayonlarida undan foydalanishga chek qo‘yish, o‘quvchi yoshlarning sifatli ta’lim olishlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Ana shunda ilm-fan yanada rivoj topadi.

 

Muqaddas O‘RAZALIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish