90 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlikka o‘qitiladi

 

Bir necha kun oldin “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid 5 ta yo‘nalish, 100 ta maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan davlat dasturi qabul qilindi. Unda xotin-qizlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Sir emaski, bugun xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Davlat dasturida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadida 2024 yil 1 martdan boshlab “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilishi va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etish belgilangan. Bu loyiha xotin-qizlarning qiziqish va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishiga, tajriba oshirishga imkon yaratadi.

Yana bir muhim vazifalardan biri xotin-qizlar bandlik dasturi tasdiqlanadi va ushbu dastur doirasida xotin-qizlarning kichik biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Dasturda xotin-qizlarga til o‘rgatish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, o‘z tadbirkorligi boshlashlari uchun imkoniyatlar yaratish, imtiyozli kreditlar ajratish vazifalari bilan bir qatorda xotin- qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga ham ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilab berilgan.

Har bir hududda xotin-qizlar hunarmandchilik markazlari va klasterlari tashkil qilinadi, eng muhimi bugungi kundagi muammolardan biri, xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarni sotishga ko‘maklashiladi, ya’ni orqali xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar elektron portallar realizatsiya qilinadi. Bu esa xotin-qizlarning og‘irini ancha yengil qiladi, o‘z oilasining moddiy ta’minotiga hissa qo‘shishlariga imkon yaratadi.

Shuningdek, xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun qulay imkoniyatlar yaratish, ularning biznesga qiziqishini oshirish maqsadida 85 ming nafar xotin-qizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, 90 ming nafar xotin-qizlarni esa tadbirkorlikka o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Ayollarga qaratilayotgan bunday e’tibor, yaratib berilayotgan imkoniyatlar ularni izlanishga, o‘z ustida ishlashga, o‘z biznesini boshlashga undaydi. Ishlagan ayol esa oilada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rniga va so‘ziga ega bo‘ladi.

Shunday ekan, Davlat dasturidagi xotin-qizlarga oid vazifalarni amalga oshirishda hamda dastur mazmun va mohiyatini aholi, jumladan, xotin-qizlar orasida keng targ‘ib qilish va tushuntirishda partiyamiz tizimidagi mas’ullar hamda barcha darajadagi deputatlar faollik ko‘rsatishlari lozim. Xususan, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash borasida keng qamrovli aniq vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan loyihalarni amaliyotga tatbiq etish zarur. Shuningdek, vazifalar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, ularni chuqur tahlil qilib, partiya guruhlari, doimiy komissiya va sessiyalarda muhokama etib borish dasturdagi har bir masalaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

 

Gulshan ASATOVA,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish