Fuqarolarning takliflari o‘rganildi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media markazida Andijon viloyatida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv kompaniyalari tomonidan aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati yuzasidan olib borilgan deputatlik nazorati yakunlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Markaziy Kengashi hamda Andijon viloyati kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, partiya faollari, yoshlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuvni Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari o‘z so‘zida xalq bilan muloqot qilish, insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan islohotlar xalqimiz turmushining yanada yuksalishi, mamlakatimiz obodligi va taraqqiyotini ta’minlash, Vatanimizning dunyo hamjamiyatida obro‘-e’tiborini yuksaltirish va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i Boymurat Yusupov ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan qoidalar bilan batafsil tanishtirib, aholini o‘z huquq va manfaatlarini bilishi va himoya qila olishi zarurligiga e’tibor qaratdi.

Shundan so‘ng Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhining viloyatda ko‘p qavatli uylarga kommunal, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalari faoliyatini o‘rganish natijalari o‘qib eshittirildi. Partiyaning deputatlik guruhi, partiya faollari, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi vakillaridan iborat Ishchi guruh 6-20 fevral kunlari Andijon va Xonobod shaharlari, Bo‘ston, Qo‘rg‘ontepa tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatayotgan boshqaruv kompaniyalar faoliyatini o‘rgangan.

Aniqlanishicha, bugungi kunda Andijon viloyatida 2036 ta ko‘p qavatli uy (58 643 ta xonadon) mavjud. Ularning 1924 tasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi 5152-son qaroriga binoan tashkil etilgan boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. Andijon viloyatida 21 ta boshqaruv kompaniyasi tashkil etilgan. So‘nggi 2-4 yilda qurilgan yangi uylarda boshqaruv kompaniyalar uchun muammoli masalalar deyarli yo‘q. Muammoli masalalar asosan eski ko‘p qavatli uylarda mavjud. Hisobotda keltirilishicha, Andijon shahrining “Yoyilma” MFY hududida joylashgan va o‘sha atrofda joylashgan mahallalardagi 134 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatayotgan “Shinam mahalla” MChJ boshqaruv kompaniyasi (rahbari Abdusattorov Azizbek) tomonidan obodonlashtirish ishlari yaxshi tashkil etilgan. Bolalar maydonchalari, kattalar uchun sport maydonlari, mashinalar to‘xtash joylari qurilgan, daraxtlar va gullar ekilgan, maishiy chiqindilarni maxsus joylarga olib boruvchi texnikalar mavjud. Kommunal sohada paydo bo‘ladigan avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun mutaxassislar bor va ularning tungi navbatchiligi tashkil etilgan. Shahardagi 663 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Biotexservis” MChJ boshqaruv kompaniyasi (rahbari Yodgorbek Safarov) tomonidan ham ko‘p qavatli uylar mulkdorlariga zarur xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Ishchi guruh a’zolari ko‘p qavatli uylarda yashayotgan fuqarolar bilan ham uchrashib, ochiq suhbatlashgan. Muloqotlarda ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aksariyat fuqarolar boshqaruv kompaniyasining vazifalari, badal hajmining nimalarga asosan belgilanishi, xizmat ko‘rsatish turlari, vaqtlari, hudud bo‘yicha chegaralari, zarurat paydo bo‘lganda kimga va qanday murojaat qilish kerakligi kabi birlamchi ma’lumotlardan bexabar. Chunki ularga hech kim tushuntirmagan. Boshqaruv kompaniyalari mahallada fuqarolarni chaqirib o‘tkazishi lozim bo‘lgan majlis tashkillashtirilmay, MFYda ishlovchi xodimlardan hujjatlarga imzo qo‘ydirib berishni so‘rashgan. Fuqarolar esa MFY vakilini yaxshi taniganliklari uchun surishtirmay imzo qo‘yib beraverishgan. Boshqaruv kompaniyalar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo – hududlarni tozalashga mas’ul ba’zi ishchilar o‘z vazifasini mas’uliyatsizlik qilib bajarmayotganligidadir.

Yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalar rahbarlari, ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar, viloyat qurilish va uy-joy xo‘jaligi boshqarmasi vakillarining ham fikrlari eshitilib, muhokama qilindi. Muammoli masalalar yechimi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, takliflar so‘raldi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish