OKRUGDAGI FAOLIYAT: huquqiy hujjatlar targ‘iboti, muammolarni o‘rganish, qonunlar uchun takliflar

 

Bu galgi saylovchilar bilan uchrashuvlar va o‘rganishlar Denov tumanidagi “Yangi ariq” mahallasida faoliyat olib borayotgan “mahalla yettiligi” bilan boshlandi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

So‘ng mahalladagi muammolar tinglandi. Mahalla hududidagi 88-maktab eski maktabgacha ta’lim tashkilotining moslashtirilgan binosida joylashgan bo‘lib, qo‘shimcha bino qurish zarurligi, shuningdek, bog‘cha yoshidagi bolalar uchun maktabgacha ta’lim tashkilotiga ehtiyoj borligi aytildi.

Shundan so‘ng, tumandagi “Zartepa” mahallasida joylashgan 49-maktabda 3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig‘i bilan birgalikda fuqarolar qabuli tashkil etildi. Sayyor qabulda 15 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi, bandlik, simyog‘ochlar o‘rnatish, elektr simlarni yangisiga almashtirish, 49-maktabni kapital ta’mirlash va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash kabi masalalarda murojaatlar bo‘ldi. Beshta murojaat joyida hal etilgan bo‘lsa, muddat talab etiladiganlari yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, mas’ullarga ijro uchun yo‘naltirildi.

So‘ng “Qorako‘z” mahallasida ham faollar bilan hudud holati va muammolari yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi. Mahalladagi 10 km masofadagi ta’mirtalab elektr simlarini almashtirish masalasida hamda 30-MTT binosi yaroqsizligi sababli 1 yildan buyon faoliyat yuritmayotgan bo‘lib, yangi MTT qurish bo‘yicha amaliy yordam so‘raldi.

Uchrashuvlardagi murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun mas’ullarga yo‘naltirildi va deputatlik nazoratiga olindi. Respublika darajasidagi murojaatlar bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborish rejalashtirildi.

“Qorako‘z” mahallasi raisi Ziyovuddinov Abdumutallib so‘z olib Prezidentimizning “mahalla yettiligi”ni tashkil etish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda bundan aholi minnatdor ekanligini bayon qildi. Berilgan ishonchni oqlash bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Denov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida joriy yilning 20 fevral kuni Davlatimiz rahbari raisligida ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilish va unda belgilangan dolzarb hayotiy vazifalar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmuni haqida fikr almashildi. Yakunda markaz tomonidan mazkur qonun loyihasining mahallalardagi targ‘iboti va loyihani takomillashtirish uchun takliflar bilan faol ishtirok etish bo‘yicha kelishib olindi.

Saylov okrugidagi uchrashuvlar davom etmoqda.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish