Xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tumanda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidagi mablag‘larni maqsadli va manzilli yo‘naltirish, “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta'minlash ishlarini samarali tashkil etish hamda amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, hokim o‘rinbosarlari J. Fozilov, H. Rahimov, “To‘raqo‘rg‘on tumangaz” rahbari I. Shamsiddinovlar ham o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hisobot berib, yangi loyihalarga oid ma'lumotlarni taqdim etdilar.
Sessiyada Xalq demokratik Partiyasi tuman kengashi deputatlari tashabbusi bilan "Yo‘llarni faqat avtomobillar uchun emas, piyodalar uchun ham qulay qilaylik" shiori ostida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ham muhokama qilindi. Natijada aholiga qulaylik yaratish uchun hozirda foydalanilmayotgan ta'mirtalab yer osti yo‘lini ta'mirlash uchun mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Deputatlarning faolligida mulohazalarga boy o‘tgan sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan qarorlar tasdiqlandi.