Yaqin o‘tmishga boqsak, hayotimiz qanchalik o‘zgarganini ko‘ramiz. Davlat rahbari muntazam hududlarga tashrif buyuradi, aholi, turli soha vakillari bilan muloqotda bo‘lib, aniq va qat’iy vazifalarni belgilaydi, mutasaddilardan topshiriqlar ijrosini so‘raydi. Har bir hududning o‘ziga xosligi, yutuqlari bilan tanishiladi, muammolar ochiq-oydin tahlil qilinadi.
Bahor arafasida, 29 fevral va 1 mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani va Xorazm viloyatiga tashrif ham sermahsulligi bilan hammani quvontirdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari, deputatlari shu haqda, rejalari, vazifalari haqida fikr yuritmoqda.
Maxsud SADULLAYEV,
O‘zXDP Amudaryo tuman Kengashi raisi:
– Bahorning boshlanishi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga quvonchli xabarlar, muhim yangiliklar bilan keldi. Davlatimiz rahbari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumaniga borib, yangi ko‘prikning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Haqiqatan ham, bu ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshootdir. Prezidentimiz 2020 yilda bu tashabbusni ilgari surgan edi. Shu asosida yurtimizning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Amudaryo tumanida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, xalqning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiluvchi ko‘prik qurildi. Bu har bir qoraqalpog‘istonlikning qalbiga katta quvonch va umid bag‘ishladi.
Chunki yillar davomida odamlar eski ponton ko‘prikdan foydalanib kelgan. Amudaryo ustiga qurilgan bu ko‘prik 40 yildan buyon aholiga xizmat qilib kelmoqda. Lekin qishning qahraton sovuqlarida muz ko‘chib, uni oqizib ketar edi. Shunda manzilga bora olmay orqaga qaytgan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Nukus shahriga yig‘ilishga borishimiz uchun Xorazm bilan Beruniy tumani o‘rtasidagi ko‘prikdan aylanib kelishga majbur bo‘lar edik. Masofa uzoq, avtomobilda borish uchun qo‘shimcha 170-180 km joyni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Bu ish bilan, davolanish uchun borayotgan odamlarning ko‘p vaqtini olardi. Poyezdda esa qo‘shni Xorazm viloyatining Xazorasp ko‘prigidan o‘tilardi.
Endi solishtiraylik, ko‘prik orqali bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanar ekan. Bu 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqtini tejaydi, degani. Yana bir muhim tomoni, avvalgi yaroqsiz eski ko‘prikdan aksariyat kishilar qo‘rqib o‘tgan bo‘lsa, endi hech narsani o‘ylamasdan, daryodan xavfsiz o‘tiladi.
Xalqimiz necha yillar orzu qilgan ko‘prik ishga tushdi. Bugun amudaryoliklar quvonchining cheki yo‘q. Qaysi davraga o‘tirmang, kim bilan suhbatlashmang, shu haqida mamnuniyat bilan, faxr bilan gapirmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz “Bu yo‘l jahonga ochilayotgan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonning taraqqiyot va farovonlik yo‘llaridir”, deganida ko‘p ma’no bor.
Uzoq yillar davomida shu ko‘prikdan Nukusga qatnaganman. O‘sha paytlari ko‘p o‘ylardim, bu hududlarda ham infratuzilma rivojlanar ekanmi deb, chunki biror ish bilan ko‘chaga chiqsak, uzoq yo‘lda kunimizning yarmini yo‘qotardik. Yangi ko‘prik qurilishini orzu qilardik. Shukrki, hozir katta o‘zgarishlar bo‘layotganini hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lyapmiz. Endi uzog‘imiz yaqin bo‘ldi. Prezidentimizga ming-ming tashakkur aytamiz.
Sanobar XOJAMURATOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengesidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:
– Yaratganga behisob shukrki, Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga mehri boshqacha. Bir necha yillikda ortga surib kelingan muammolar keyingi yillarda bosqichma-bosqich yechim topyapti, qoraqalpoq eliga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.
Prezidentimizning Amudaryoga bu galgi tashrifi ham qoraqalpog‘istonliklar hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Odamlarimiz, qoraqalpoq eli bugun ko‘tarinkilik ruhida yashamoqda. Davlatimiz rahbarining Amudaryo tumanida yangi ko‘prikning ochilish marosimida ishtirok etgani yana bir tarixiy qadam, tarixiy yutuq bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tashrifdan tashrifgacha hududlarda nimalar o‘zgardi, yangilandi, degan savol odamlar uchun muhim. Esimda, Prezidentimiz bu haqdagi tashabbusni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan edi. O‘shanda yuragimizga umid uchqunlab, qanchalar quvongandik, “yangi ko‘prik qurilarkan”, deb bir-birimizni tabriklagan edik, juda ko‘pchilik shu kunni kutdi.
«Qachon zamonaviy ko‘prik qurilib, biz ham daryo ustidan xotirjam o‘tarkanmiz», deb orzu qilardik. Saylovchilarimiz bir necha marta shu masalada murojaat bilan chiqqan. Bu yillar davomida yechim topilmayotgan katta muammolarimizdan biri edi.
Mana, biz kutgan kunlar ham yetib keldi. Yangi ko‘prik ustidan o‘tayotgan poyezd vagonlariga qarab, ich-ichimdan xursand bo‘ldim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Bu ko‘prik avvalo o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigidir». Rosti, Yurtboshimizning shu so‘zlarini tinglaganimda, azaldan bir-biriga do‘st, qardosh sifatida yashab kelgan xalqlarimiz o‘rtasidagi yuksak hurmat, ishonch va birodarlikdan cheksiz quvondim.
423 metrli ko‘prik bilan birga Shovot-Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temir yo‘l hamda 3 ta vokzalning ham barpo etilishi qoraqalpoq eliga hurmat va e’tiborning yorqin namunasi, deb bilaman.
Chindan ham, yaqin o‘tmishga boqib, hayotimiz qanchalar o‘zgargani, odamlarning dunyoqarashi o‘sgani, tashabbuslari ham ortganini ko‘rish mumkin. Bundan ko‘rinadiki, odamlarda orzu qilishga, yangi marralarni zabt etishga imkon ham, ishtiyoq ham yetarli. Agar biz g‘ayrat qilsak, mehnat qilsak, jon kuydirsak, hammasini qila olamiz.
Mash’al VAISOV,
O‘zXDP Hazorasp tuman Kengashi raisi,tuman Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
– Davlatimiz rahbari qaysi viloyatga bormasin, o‘zgarishlar, kamchiliklarni diqqat bilan ko‘zdan kechiradi, odamlarning fikri bilan qiziqadi, duosini oladi. Hududdagilarning dilidagilarni bilib, kelgusi vazifalarni belgilab beradi. Bu esa o‘sha yerdagi iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish, aholi farovonligini oshirish ishlariga yangi ruh, yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Faollar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatimizni har tomonlama rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator masalalar muhokama etildi.
Hududni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani ta’kidlandi. Xorazmda kichik va o‘rta biznesni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi belgilandi. Buning hisobidan 5,5 ming tadbirkorga ko‘mak berilib, 50 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Demak, minglab oilalar daromad manbaiga ega bo‘ladi, ish boshlash niyatida yurgan qanchadan-qancha tadbirkorlarimizga yaqindan ko‘mak beriladi. Ayniqsa, tumanimiz erkin iqtisodiy zonasidan samarali foydalanib, sanoat loyihalarini joylashtirish vazifasi qo‘yilgani tadbirkorlarimizga katta imkoniyatlar yaratishi aniq.
Amudaryo ustidan yangi ko‘prik qurilishi Xorazm ahli uchun ham katta xursandchilik bo‘ldi. Yangi inshoot orqali har bir yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi, temir yo‘lda yuk tashish xarajatlari 1 ta vagon uchun 600 ming so‘mga arzonlashayapti. Tabiiy xom ashyo zaxiralari kam bo‘lgan Xorazm tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Hududimizda sanoat va xizmatlar rivoji, barqaror ish o‘rinlari kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Xorazm tadbirkorlari uchun qator imtiyozlar belgilandi. Jumladan, import uskunalar, ehtiyot qism va xom ashyo 5 yilga bojxona to‘lovidan ozod qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
Mahalliylashtirish loyihalariga olingan kredit foizining 10 foiz bandi qoplab beriladi, davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirishda 5 yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Sotilgan ko‘chmas mulk uchun to‘lov 3 oyda amalga oshirilganda 25 foiz chegirma beriladi. Iqtisodiy va sanoat zonalarida olgan majburiyatini bajargan tadbirkorlar yer va binoni xususiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Eksportchilarga boshqa viloyatdan xom ashyo yetkazib berish uchun yo‘l xarajatlari 50 foizi Eksport jamg‘armasidan qoplab beriladi.
Shuncha imkoniyat, yengillik aholiga barqaror daromad manbaini yaratishga, ish o‘rinlarining doimiyligi va kengayishiga asos bo‘lishidan quvondim.
Hazorasp tuman Kengashi deputati sifatida meni yana bir taklif nihoyatda mamnun etdi. Kelgusi ikki yilda viloyatda tuproq yo‘llar umuman qolmasligi kerakligi qayd etildi. Bu obodonchilik, bunyodkorlik ishlarining ko‘lami yanada kengayadi, qishloq va shaharlarimiz infratuzilmasi yaxshilanadi, degani.
Saylovchilar bilan uchrashuvlarda aynan yo‘llar bilan bog‘liq ko‘p murojaatlar bo‘ladi. Qishning qorli, qirovli, yomg‘irli kunlarida harakatlanish qiyin bo‘lgan tuproqli yo‘llarimiz bor, bu aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Prezidentimizning topshiriqlari va takliflari muammolarning ijobiy hal bo‘lishiga xizmat qiladi.
Rayhona KARIMOVA,
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
– Bu galgi tashrifda ham sohalarni rivojlantirishga oid qator takliflar bildirilib, muammolar yechimi bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar yuklatiladi. Odamlardan istaklari, ishini rivojlantirish uchun zarur masalalar haqida so‘raladi. Shuning uchun har bir hududda davlat rahbari kelishini jamoatchilik intiqlik bilan kutadi.
Xorazmga tashrif har galgidan samarali o‘tdi, menimcha. Ayniqsa, Urganch shahrida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha galdagi vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda har bir masalaning aniq qo‘yilgani e’tiborimni tortdi.
Ayniqsa, Xorazmda Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantirilishi ko‘pchilik qatori meni ham mamnun etdi. Bog‘ot, Yangiariq, Yangibozor, Qo‘shko‘pir hamda Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash, Hazorasp, Xiva, Tuproqqal’a va Xonqada gilam to‘qish juda ommalashgan. Bu yo‘nalishlar qo‘llab-quvvatlanib, ipakchilik va gilamchilik kooperatsiyalari tashkil qilinishi, xonadonlarda ixcham uskunalar o‘rnatish uchun 100 million so‘mgacha garovsiz kredit berilishi yuzlab, minglab odamlarimizni mamnun etdi, ruhini ko‘tardi.
Gilam to‘qish qo‘lidan keladigan, shu hunarga qiziqadigan, ammo qo‘lida yetarli mablag‘i bo‘lmagan odamlarimiz bor. Ushbu rag‘bat ularning ish boshlashi, rivojlantirishi uchun xizmat qiladi. Asosiysi, boqimandalik kayfiyatini bartaraf etish, ishsizlarga imkon berish, imkoni borlarni esa rag‘batlantirishga erishiladi. Band odamning hayotida mazmun bo‘ladi, huquqbuzarlik va turli yomon xayollar, axborot xurujlariga chalg‘imaydi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida bu yil 5 mingta xonadonda intensiv usulda baliq boqish, 4 ming 400 ta xonadonga tikuvchilik, parranda, chorva, asalari va bog‘dorchilik bo‘yicha moliyaviy ko‘mak berish vazifasi topshirildi.
Albatta, har bir oila o‘zini eplab ketishiga erishish oson bo‘lmaydi. Bu jasoratli mehnat talab etadi. Biz har kuni shunga tayyor bo‘lishimiz kerak. Partiyamiz faollari, deputatlar vazifalar ijrosini ta’minlashga yaqindan turib yordam berishi zarur, deb o‘ylayman.
Umid qilamizki, yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimiz xayrli bo‘ladi, vazifalar sidqidildan bajariladi. Mendagi hozirgi xushkayfiyat butun xorazmliklar, butun xalqimizda bor, deb ishonaman. Chunki, har bir islohot, har bir reja, aynan bizning, sizning va xalqimizning manfaati uchun xizmat qiladi.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Laziza SHEROVA yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 6.03.2023, №9