Zamon o‘zgarib, yuksalar ekan, ayol ham yuksalib boradi. O‘zbek va o‘zbekistonlik ayollar shaxs sifatida rivojlanishi juda muhim. Ularning uy xo‘jaligi bekasi, dala xizmatchisi obrazi butunlay o‘zgarishi kerak. Ayol ma’naviyati, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy-siyosiy faolligi masalasi kun tartibida turibdi.
Bugun mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi oshdi. Keyingi yillarda bir yarim mingga yaqin xotin-qiz turli darajadagi rahbarlik lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu tom ma’noda, xotin-qizlarning ijodiy iqtidori, kasb mahorati va ilmiy salohiyati e’tiborga olinayotganidan dalolatdir.
Jiddiy raqamlar...
Ma’lumotlarga ko‘ra, xotin-qizlarning rahbar lavozimlardagi ulushi 35 foizga yetdi. 2022-2023 yillarda 398 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 100 ming nafari imtiyozli asosda oliygohlarga qabul qilindi, 170 ming nafariga tahsil olayotgan oliygohlarining shartnoma to‘lovlari uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratildi, 14 ming nafari magistraturada bepul o‘qitilmoqda, 198 ming nafari kasbga o‘qitildi. Ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida o‘tgan yilda 225 mingdan ziyod loyihalarga 4,4 trillion so‘mga yaqin kredit, 40 mingga yaqin xotin-qizlarga jami 179,1 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan xotin-qizlarimizning ulushi tibbiyotda – 70 foizdan ortiq, ta’lim sohasida – 74 foizni tashkil qilayotgan bo‘lsa, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 40 foizdan ko‘pdir.
Bugun ayollar orasida Senat raisi bor, vazir bor, hokim bor, universitet rektori bor, taniqli davlat va jamoat arboblari bor, Qahramonlar, deputatlar bor, professorlar, akademiklar bor, xullas, turli darajadagi rahbarlar bor.
O‘zbekiston ayollari har bir jabhada o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini barchamiz bevosita amalda ko‘rib, chuqur his etyapmiz.
Mamlakatimizda xotin-qizlar masalasiga katta e’tibor qaratilyapti, ularning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida ko‘p imtiyozlar berilmoqda. Xususan, ular ta’lim olish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, to‘lovsiz magistraturada o‘qish, imtiyozli uy-joylar olish va boshqa keng imkoniyatlarga ega.
Tadbirkor ayollar qo‘llab-quvvatlanadi
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan ularga 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Ushbu kredit mablag‘lari Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi ma’qullagan dasturlar asosidagi o‘quv kurslari yoki «Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta’lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlaridan birini muvaffaqiyatli tugatgan xotin-qizlarga ajratiladi.
OTMga kirish uchun tavsiyanoma
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida taqdim etiladi:
— kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
— to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
— turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
— nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
— 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
— ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.
Kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi
Hukumatning 447-sonli qarori bilan qabul qilingan tegishli nizomda OTM magistraturasida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilangan.
OTM, shu jumladan, Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.
Buning uchun davlat OTMning magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlar o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan o‘zlari o‘qiydigan OTM rektori nomiga 15 sentabrgacha ariza bilan murojaat etadi.
5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar uchun
Kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test o‘tkaziladi, ular orasidan yuqori ball to‘plagan 500 nafarigina OTMga kira oladi.
7 yilga foizsiz ta’lim krediti
Prezident qaroriga ko‘ra, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi.
Ishdan bo‘shatish mumkin emas...
Ayollarni pensiya yoshiga to‘lgani sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi. Bunda ayollarning pensiya yoshiga to‘lgani yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelgani sababli nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish mumkin emas.
«Ayollar daftari» birinchi qadamdir
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand, boquvchisi bo‘lmagan, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj, uy-joyga muhtoj, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor 30 yoshdan oshgan ehtiyojmand xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga ro‘yxatga kiritiladi. Shu orqali ular qator imkoniyat va qo‘llab-quvvatlashga erishadi.
Xususan, yolg‘iz ayollarning farzandlari bog‘chaga imtiyozli ro‘yxat asosida qabul qilinadi.
Kasb o‘rganish uchun davlat to‘laydi
Xotin-qizlar nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qiganda yuzaga kelgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.
Chevar ayollar qo‘llab-quvvatlanadi
Ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng, bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara to‘lovi 2024 yil 1 yanvardan BHM ning 10 baravarigacha miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.
Ishlaydigan onalarga tanaffus beriladi
2 yoshga to‘lmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (o‘ziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan tanaffus beriladi.
2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi. Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.
Bolali ayolning xohishiga ko‘ra, tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
Qo‘shimcha ta’til olish huquqi
Qonunchiligimizga ko‘ra, 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra, har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi.
Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.
Dastlabki sinov belgilanmaydi
Homilador ayollar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, 2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmaganida bolasi 2 yoshga to‘lgungacha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli ishga o‘tkaziladi. Bunda avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Subsidiya beriladi
Prezident qarori bilan mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
53 yoshda pensiyaga chiqish mumkin
Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqargani yoxud korxonaning tugatilgani munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar davlat himoyasida
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtiriladi. Shuningdek, ularga himoya orderlari beriladi va ayollarning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlari tiklab beriladi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilingan.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta’minlanishi kerak.
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning ma’lumoti va kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
Mehri va shijoati, tajriba va tafakkuri bilan taraqqiyotga hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz kundan-kunga ko‘paymoqda. G‘amxo‘rlik, sharoit va imtiyozlar opa-singillarimizni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Zotan, ayollarni e’zozlagan, xotin-qizlari hayotidan mamnun, baxtli yashayotgan yurt hech qachon kam bo‘lmaydi.
Biz ham mamlakatimizdagi barcha ayollarni bayram bilan muborakbod etamiz! Yangiliklar yaxshiliklarga ulanaversin, har bir ayol baxtli, saodatli yashasin. Bunga uning to‘la haqqi bor.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Laziza SHEROVA tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 6.03.2023, №9