Bolalar har doim mehrga, g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘ladi. Ularning huquq va erkinliklari to‘liq kafolatlanishi shaxs shakllanishi, davlat va jamiyat istiqboli mustahkam bo‘lishida nihoyatda muhimdir. O‘zbekistonda ham bola huquqlari kafolatlarini ta’minlash, ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, keyingi yillarda bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekistonda bolalarni mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollik, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomala, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan himoya qilish, milliy me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, aholi o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish orqali muhim islohotlar boshlandi. Erkak va ayollar uchun nikoh yoshi o‘n sakkiz yosh etib belgilandi, bolalarning davlat organlariga bevosita murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlandi, bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘yildi, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi.
O‘tgan yilda xalqimiz tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida bolalar masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Alohida bir bob – XIV bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangan. Bosh Qomusimizning 78-moddasida “Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir”, deb mustahkamlab qo‘yildi.
Umuman, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida, bola huquqlari sohasidagi qonunchilik bilan ixtisoslashgan holda ish olib borish hamda uning ijrosi bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
Shu ma’noda, yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonuni bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega.
Mazkur hujjatda Bolalar ombudsmanini saylash tartibi, vazifalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatining asosiy jihatlari, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kabi muhim normalar mustahkamlangani e’tiborga molik.
Shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha vakil har yili Oliy Majlisning palatalariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya qilinishi holati haqida ma’ruza taqdim etishi ham qonunda aks etgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ma’ruzasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining majlislarida ko‘rib chiqish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Ya’ni, xalq uyi minbarida xalq vakillari bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid masalani ko‘rib chiqishadi. Bu albatta, davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda bola huquqlariga berilayotgan e’tiborning uzviy va amaliy ifodasi sifatida baholash mumkin.
Yana bir masala, qonunga ko‘ra, Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining faoliyati bilan bog‘liq masalalarga doir qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritishga haqli ekanligi mustahkamlangan. Eng muhimi, Bola huquqlari bo‘yicha vakil qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taaluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari majburiy tartibda Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi eng muhim yangiliklardan biri. Ushbu qoidadan ham ko‘rinib turibdiki, qonunchilik hujjatlarida bola huquqlari qay darajada aks etishi bundan keyingi kun tartibidagi asosiy jihatlardan biri bo‘ladi.
Shu bilan birga, Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi ogohlantirish e’lon qilishi, bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida esa taqdimnoma kiritilishi belgilangan.
Qonundagi muhim jihatlardan yana biri, Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan ta’lim, tarbiya, tibbiyot muassasalariga, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalari va tarbiya koloniyalariga muntazam kirib turish orqali bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi mustahkamlangan.
Albatta, bolalarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlar asosan hududlarda amalga oshiriladi. Shu nuqtayi nazardan, Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari faoliyati qonun bilan yo‘lga qo‘yiladi.
Bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Shuning uchun, qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan arizalar, takliflar, ayniqsa, shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari batafsil mustahkamlangan.
Yana bir tashvishlanarli holat – keyingi vaqtlarda bolalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, bolaga qarshi jinoyatlar uchramoqda. Ushbu holatlarda bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafili bo‘lishi nuqtayi nazaridan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud bilan hamkorligi ham belgilab qo‘yilgan.
Ushbu qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakil bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirishi o‘z aksini topgan.
Albatta, mazkur qonun bolalarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlaydi, bolalar huquqlarini amalga oshirish sohasidagi islohotlarni to‘ldiradi, himoyaga eng muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga asos bo‘ladi. Shuningdek, bola huquqlarini kafolatlash bo‘yicha xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga yordam beradi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.