Davlat dasturi: Yoshlar balansi shakllantirilishi nima beradi? (video)

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Yoshlar siyosatiga oid tizimli ishlar "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da yanada izchil davom ettiriladi. Zero, joriy yilgi Davlat dasturida kelajagimiz egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida qator muhim vazifalar belgilab berildi. Ularning tizimli amalga oshirilishi esa yosh avlod vakillariga keng imkoniyat yaratadi.

Davlat dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar mohiyati va ahamiyati xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

—  Davlat dasturida «Yoshlar balansi» shakllantirilib, har bir yosh shu asosda vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi ko‘zda tutilgan. Bundan maqsad rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashadi.

Ayniqsa, Davlat dasturida 7 yarim mingta yoshni kasb-hunarga o‘qitish, 2 million kishini tadbirkorlikka o‘qitish masalalari o‘z aksini topgani alohida ahamiyatga ega.

Shuningdek, olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish maqsadi ham belgilab qo‘yildi. Bu chekka hududlardagi o‘quvchi yoshlarimizning uzog‘ini yaqin qilib, qulaylik yaratadi.

PS: Intervyuning to‘liq shakli quyidagi videohavolada taqdim etilgan.

 

Muhtarama Komilova,

Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish