Har bir inson, u tug‘ilgandan to umrining oxirigacha bir emas, bir necha bor tibbiy xizmatdan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi, deyishadi. Shunday paytlar bo‘ladiki, ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordam inson umrini saqlab qoladi. Bemor hayotida har lahza muhim bo‘lgan pallada shifokorlar jonimizga oro kiradi. Demak, fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi kerak. Bu Konstitutsiyada kafolatlangan huquq masalasidir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul taqdim etiladigan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini qonun bilan tasdiqlash g‘oyasi qo‘yilgan edi.
Nima uchun muhim?
Tasavvur qiling, yo‘lda ketayotgan kishining noxosdan qon bosimi ko‘tarildi. Unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, hayoti xavf ostida qoladi. Bunday sharoitda hududga yaqin joydagi tibbiyot muassasasiga murojaat qilinishi aniq. Mulkchilik shakli, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, ushbu muassasa bemorga xizmat ko‘rsatishi kerak. Ya’ni, u xoh davlat muassasasi bo‘lsin, xoh xususiy klinika. Chunki gap inson hayoti haqida ketmoqda, unga birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatilishi shart.
Tibbiyot tizimidagi islohotlar zarurati tez tibbiy va shoshilinch yordamga ehtiyoj sezilganda yaqqol ko‘rinadi. Inson sog‘lig‘i va uning hayotini saqlab qolishdagi birinchi mas’uliyatni bo‘yniga oladigan, har bir daqiqa, kerak bo‘lsa, har bir soniya oralig‘ida birinchi yordam ko‘rsatish, oltinga teng har onning ahamiyatini tushunish oson emas, aslida. Ancha yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelgan ushbu tizim tibbiyot sohasining odamlarga yaqinligini, yaxshiligini ko‘rsatuvchi ko‘zgudir.
Nima o‘zgardi?
Eng muhim va kerakli o‘zgarishlardan biri Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari» to‘g‘risida qarorining qabul qilinishi bo‘ldi.
Unga asosan, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam, mulkiy shakli va boshqaruvidan qat’i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul ko‘rsatilishi va hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish taqiqlanishi belgilandi.
Ushbu qaror bilan ilgari tibbiyotimiz tarixida kuzatilmagan bir qator muhim yangiliklar joriy etildi. Ya’ni, mamlakatimizdagi barcha tibbiyot muassasalari hayot uchun xavfli damlarda shoshilinch tibbiy yordam so‘raganlarga bepul xizmat ko‘rsatishlari kafolatlandi.
Shuningdek, qaror orqali tez tibbiy yordamni chaqirishga mo‘ljallangan tunu kun ishlaydigan, yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta’minlaydigan Call-markazlar tashkil etildi. Yangidan tashkil etilgan Call-markazlarda qo‘ng‘iroqlarga shifokorlar javob beradigan bo‘ldi.
Transportsiz tez xizmat bo‘lmaydi
Ilgari tez tibbiy yordamga mo‘ljallangan avtotransport vositalari hatto 10-12 yillab ishlatilardi. Oqibatda manzilga o‘z vaqtida yetib borish, bemorni tibbiyot muassasasiga yetkazish kabi vazifalarni bajarishda muammolar kuzatilar edi.
Hozir esa tizim butunlay boshqacha. Avtotransportlar shahar joylarda har 8 yilda, qishloq joylarda esa har 7 yilda yangilanib boriladi. Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatining ixtisoslashtirilgan avtotransportlari zamonaviy tibbiy uskunalar va raqamli radioaloqa vositalari (ratsiyalar) bilan jihozlandi.
O‘tgan davrda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 300 dan ortiq qonunchilik hujjati qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Tibbiyot muassasalari tarmog‘i yanada kengaydi, xalqqa yaqinlashdi.
Masalan, oxirgi besh-olti yilda 200 dan ziyod oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlari qaytadan tashkil etildi. Olis va chekka aholi punktlarida 1000 dan ortiq «mahalla tibbiyot punktlari» tashkil etildi. Qishloqlardagi 800 dan ortiq oilaviy poliklinikalarni zamonaviy tashhis apparatlari bilan ta’minlash orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani ham tibbiy xizmatni kafolatlash bilan bog‘liqdir.
Yangilangan Konstitutsiya va yangi normalar
O‘tgan yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paydi. Mustahkam huquqiy asos yaratildi.
Bosh qomusimizda har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi belgilab qo‘yildi.
Hammaning sharoiti, yashash tarzi bir xil emas, lekin huquqlar tengdir. Aholining shunday qatlamlari borki, pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini zimmasiga oldi. Bir so‘z bilan aytganda, davlatning ijtimoiy mas’uliyat yanada oshdi.
Tibbiyotning nodavlat shakllarini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish ishlari bundan keyin ham yanada yaxshilanadi.
Ayrim xulosalar
Agar e’tibor berilsa, aholi sog‘ligini muhofaza qilish, xususan, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamni sifatli va vaqtida ko‘rsatish bilan bog‘liq hujjatlar keyingi yillar ichida qabul qilinib, hayotga joriy etilmoqda. Muhtoj odamlar kerak paytda zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu davlatning nafaqat ijtimoiy mas’uliyati, balki iqtisodiy kuch-qudrati ham xalqimiz ehtiyojlariga munosib darajada oshayotganini bildiradi.
Fakt va dalillar, islohotlar ko‘lami partiyamiz dasturida belgilab olgan vazifalarga bosqichma-bosqich erishilayotganini ko‘rsatmoqda. Ya’ni, mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul majburiy tibbiy xizmat ko‘rsatishning belgilanishi davlat va jamiyatimizning yana bir yutug‘i, ijtimoiy himoyaning muhim kafolatidir.
Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi bepul tibbiy xizmatlar paketini tasdiqlab bermoqda. Zarur hollarda unga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritilib, tasdiqlanadi.
Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam, hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda xizmat ko‘rsatishni rad etish taqiqlanishi yana bir muhim o‘zgarishdir.
Davlat tibbiy sug‘urtasi kafolatdir
Sirdaryo viloyatidagi tajriba asosida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan sug‘urta tizimida aholi pul to‘lamaydi, sug‘urta doirasida har bir fuqaroning salomatligi kafolatlangan paket asosida davlat budjeti mablag‘i hisobidan sug‘urta qilinadi. Bu ham bepul tibbiy xizmatni kafolatlashda katta ahamiyatga ega.
Tibbiyot sohasida sug‘urta tizimining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi oshishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilgan holda tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish imkoniyatini yaratadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, Xalq demokratik partiyasi imkon darajasida ko‘proq tibbiy xizmatlar bepul bo‘lishi, bu orqali xususiy tibbiyot muassasalariga bosim oshishi tarafdori emas. Hammasi Konstitutsiya asosida qonun doirasida va chegarasida bo‘lishi muhimdir. Va bu real hayotimizda, ko‘z o‘ngimizda bosqichma-bosqich amalga oshmoqda.
Laziza SHЕROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 13.03.2023, №10