Ijtimoiy kafolatlangan huquqlar

 

Xalq salomatligi, millat genofondining mustahkamligi har bir davlat uchun benazir boylikdir. Bu juda dolzarb masala bo‘lganligi uchun ham yangilangan Konstitutsiyamizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar bir necha barobarga oshirildi.

So‘nggi vaqtlarda farmatsevtika, shuningdek, aholini protezlash vositalari bilan ta’minlash tizimida yuzaga kelayotgan holatlar fonida aytish mumkinki, bu sohada davlat nazoratini kuchaytirish, kafolatlangan dori vositalari, protez moslamalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika bilan ta’minlashni yanada yaxshilash zarurati yuzaga keldi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish g‘oyasini ilgari surgan edi.

 

Nima uchun muhim?

Biror kasallik bilan og‘rigan bemor uchun dori vositalarining qimmatligi yana bir dard hisoblanadi. Dori-darmon vositalari narxining asossiz oshib borayotgani, bir xil dorining dorixonalarda turli narxlarda sotilishi hamda mahalliy dori vositalari o‘rniga xorijda ishlab chiqarilganlarini qo‘llash kabi holatlar ko‘paydi.

Ayrim shifoxonalarga ishingiz tushib borsangiz, aksariyat hollarda bemor yoki uning yaqinlariga dorilar ro‘yxati yozib beriladi. Beixtiyor xayolingizdan o‘tadi - davolanish bepul bo‘lgan davlat shifoxonalarida nahotki biror bir dori vositasi bo‘lmasa? Ayrim oilaviy poliklinikalarda 120 turdagi dori vositalari bo‘lsa-da, fuqarolarga bepul dori-darmon bermaslik holatlari qayd etilmoqda.

Boz ustiga, keng jamoatchilik hamda soha mutaxassislari tomonidan dori vositalari savdosi ustidan yetarli darajada nazorat o‘rnatilmaganligi, ayrim jabhalarda tadbirkorlar o‘z foydalarini o‘ylagan holda zarur turdagi ba’zi bir dori vositalarini belgilangan narxlardan bir necha barobar ortiq narxda sotayotganligi aholining alohida toifadagi qatlami uchun moddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, aholini sifatli, samarali va xavfsiz dori-darmon bilan ta’minlash sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim vazifalaridan sanaladi.

Farmatsevtika sanoati sog‘liqni saqlash tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, ushbu sohaning rivojlanish darajasi aholining hayot sifati ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir qiladi.

Yurtimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon iste’mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foizni tashkil qiladi, qolgani import hisobidan qoplanayapti.

So‘nggi yillarda farmatsevtikani rivojlantirish maqsadida sohaga katta ko‘mak va mablag‘ berilishi, farmatsevtika zonalari tashkil etilishiga qaramay, bu imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayapti.

Bundan tashqari, protez ishlab chiqarish borasidagi ishlarda ham sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilmagan. Xususan, protez ishlab chiqarish 90-yillar texnologiyasiga asoslangan, ularni haqiqiy muhtojlarga yetkazib berish tizimi ham to‘g‘ri tashkil etilmagan edi.

 

Nima o‘zgardi?

Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tahrirdagi «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun hamda 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishni ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu esa yurtimizda inson qadri, uning hayoti, sog‘lig‘iga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori bilan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini yaxshilash borasida bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Eng muhim va kerakli o‘zgarishlardan yana biri 2020 yil 28 martda aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarorining qabul qilinishi bo‘ldi. Unga ko‘ra, dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar, eng zarur tovarlar narxlari ustidan kunlik monitoring o‘tkazish hamda ularning narxlarini sun’iy oshirish, sun’iy tanqislik va yuqori talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish belgilandi.

Dunyoda farmatsevtika sanoati kengayib bormoqda, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo bo‘lmoqda. Bu ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojo‘ya ta’sirlarini aniqlash va tahlil etish zaruratini tug‘diradi. Shu bois joriy yil 23 yanvarda «Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o‘rnatiladi.

Dori vositalari iste’moli bilan bog‘liq xavflarni tezkor aniqlash va chora ko‘rishga qaratilgan tizim tashkil etiladi. Buning uchun «Zarur farmakologik nazorat amaliyoti – GVP» standarti joriy etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligida dorilarning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida elektron baza shakllantiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ehtiyojmand aholini protezlash vositalari bilan ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Xususan, bu borada hukumatning 2021 yil 1 iyuldagi qarori bilan Muhtoj shaxslarni protez­ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlandi.

Natijada 2023 yil 1 sentabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez­ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilindi.

Bundan tashqari, 2023 yildan boshlab, muhtoj shaxslarga zamonaviy oyoq protez­ortopediya buyumlari bepul berila boshlandi.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish, mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kirish imkoniga ega bo‘ldi.

2023 yilning o‘zida nogironligi bo‘lgan shaxslarni bepul tibbiy apparatlar bilan ta’minlash uchun 18 milliard so‘m ajratildi.

Joriy yilning 28 fevralida Prezidentning «Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 mayga qadar davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez­ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlarini 18 tadan 30 taga kengaytirish hamda 1 maydan boshlab protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, o‘rtacha uch baravargacha, ayrim vositalarning turlarini esa o‘n baravargacha oshirish belgilandi.

 

Real natijalar

O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Shu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi. Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi.

Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini yaxshilashga e’tibor qaratilib, har bir mahallada «xonadonbay» ishlaydigan tibbiy b rigadalar tashkil etildi. 2021 yildan boshlab, birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi vaqtda odamlar shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda.

Mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga katta ustuvorlik berilmoqda. Natijada bugungi kunda farmatsevtika sanoati bo‘yicha 5 ta («Bo‘stonliq farm», «Parkent-farm», «Andijon-farm», «Kosonsoy-farm» va «Zomin-farm») erkin iqtisodiy zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yaratilgan imkoniyatlar natijasida bugunga kelib, mamlakatimizda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jami 204 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, dorivor o‘simliklar va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi 276 ta korxona mavjud.

Farmatsevtika (dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi) korxonalari tomonidan 3922 turdagi mahsulotlar tayyorlanyapti. Xususan, 3290 turdagi dori vositalari, 468 turdagi tibbiy buyumlar, 84 turdagi tibbiy texnikalar hamda 80 turdagi substansiyalar ishlab chiqarilmoqda.

Muhtojlarga yetkazilgan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari soni 24,5 mingtadan 42 mingtagacha oshdi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash dasturi doirasida 2024 yilda protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash maqsadida 70 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi mo‘ljallangan.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangan sifatli zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash orqali hayot faoliyatini yaxshilash darajasini 22 foizga yetkazish belgilangan. Natijada 849 nafar muhtoj shaxslar zamonaviy son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan ta’minlanadi.

 

Samarali deputatlik va jamoatchilik nazorati

Inson salomatligi bilan bog‘liq har bir masala bo‘yicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va deputatlik birlashmalari tomonidan joylarda aholi bilan o‘tkazilayotgan bevosita muloqotlar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning holatini o‘rganish bilan bir qatorda dorixonalar faoliyati hamda ularda dori vositalarining qat’iy belgilangan narxlarda sotilishi, alohida toifadagi fuqarolarni protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash masalalari yuzasidan mavjud vaziyat, aholi munosabati va kayfiyati o‘rganib borilmoqda.

Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan partiyaning mahalliy Kengashlardagi guruhlari tomonidan birgina 2023 yilning o‘zida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, dori vositalari va farmatsevtika faoliyatini yaxshilash, bepul dori vositalari va tibbiyot buyumlaridan foydalanish holatini nazorat qilish bo‘yicha 192 ta masala partiya guruhlarida, 156 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida muhokama etildi. 145 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.

 

Xulosalar va kelgusi vazifalar

Fakt va dalillar partiyamiz dasturida belgilab olgan vazifalarga bosqichma-bosqich erishilayotganini ko‘rsatmoqda. Ya’ni, aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimi takomillashtirilishi, bu borada samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi davlat va jamiyatimizning yana bir yutug‘i, ijtimoiy himoyaning muhim kafolatidir.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar hayotga izchil tatbiq etilishi parlament, xalq deputatlari Kengashlari mas’uliyati oshishiga ham bevosita bog‘liq. Har birimiz buni chuqur tushunib yetib, inson qadrini ulug‘lash, uning sog‘lig‘ini himoyalash yo‘lidagi jarayonlarda faol ishtirokchiga aylanishimiz zarur.

 

Abror Qurbonov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 27.03.2023, №13

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov
← Roʻyxatga qaytish