Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bugun har bir insonning qalbiga kirib bordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda ta’lim tizimiga alohida urg‘u berilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatning har bir bo‘g‘ini Yangi O‘zbekistonga yo‘l ta’lim orqali o‘tishini anglab yetdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng o‘z oldiga barcha fuqarolar maktabgacha, o‘rta, oliy ta’lim, shuningdek, kasbiy ta’lim olishi, malakasini oshirishi uchun teng imkoniyatlar yaratilishini maqsad qilib olgan edi. Bunda,
– 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni majburiy maktabgacha ta’lim va tarbiya bilan to‘la qamrab olish;
– maktab o‘quvchilariga jamoat transportida bepul yurish huquqini taqdim etish;
– barcha maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilarni sog‘lom oziq-ovqatlar bilan kafolatli ta’minlash;
– oliy ta’lim tizimidagi ta’lim shartnomalari narxini optimallashtirish kabi g‘oyalar ilgari surilgandi.
Bir jihatga e’tibor qaratishni xohlardim. Ba’zida o‘z shaxsiy hayotimizda ham oldimizga qo‘ygan maqsadlarga vaqtida va o‘ylaganimizday erisha olmaymiz. Bunga ko‘p omillar ta’sir qilishi mumkin. Endi u maqsad butun bir jamiyat hayotiga taalluqli darajada keng qamrovli bo‘lsa-chi? Unda amalga oshishi ham ma’lum darajada ko‘proq vaqt va ulkan mehnatni talab qiladi.
Xalq demokratik partiyasi g‘oya va tashabbuslari qanchalik amalga oshmoqda?
Maktabgacha ta’lim
Avvalambor, har qanday soha rivojlanishi, kutilgan natija berishi uchun uni doimiy isloh qilib turish kerak. MTM sohasi ham islohotga muhtoj, ta’lim va tarbiyaning chegarasini aniq belgilash masalasi kun tartibiga chiqib ulgurgandi.
O‘zbekiston Respublikasining «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonuni 2019 yil 16 dekabrda qabul qilindi. Amalda 2020 yil 18 iyundan kuchga kirdi. Bu qonunning maqsadi maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun bilan maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, maktabgacha ta’lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari aniq belgilab berildi.
Shu tariqa sohaning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlanib, xususiy sektorga yo‘l ochildi.
2019 yili 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrov darajasi 52 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizga yetgan. Ya’ni, ayni damda respublikamizda jami 31 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularning salkam 7 mingi davlat va 24 mingtadan ortig‘i nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sanaladi.
Yurtimizda 2025 yilga borib 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi boshlang‘ich maktabga majburiy bir yillik bepul tayyorlov guruhlariga qamrab olinishi rejalashtirilgan.
«O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»da 2030 yilga borib maktabgacha ta’limga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Maktab ta’limi
Yangilangan Konstitutsiyada har kim ta’lim olish huquqiga egaligi, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi, davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi qayd etildi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi, maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida ekanligi belgilab qo‘yildi.
Bosh qonunimizda belgilangan eng muhim me’yorlardan biri bolaning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday harakatlar taqiqlangani bo‘ldi.
Konstitutsiyada, shuningdek, tarixda birinchi marta davlat o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etishi mustahkamlandi. Shuningdek, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi ham belgilandi.
2020 yil 23 sentabrda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun O‘zbekistondagi ta’limning barcha turlarini tartibga solishi va ular faoliyatining qonuniy asoslarini ta’minlashi bilan katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, 2022 yil 11 mayda qabul qilingan «2022 — 2026 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur» ham ta’lim sohasi davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini anglashimiz mumkin.
Ovqatlanish dasturlari
Sohada olib borilayotgan islohotlar navbati bilan maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik tashkil qilish masalasiga ham yetib keldi.
Mutaxassislarning fikricha, maktabda ovqatlanish siyosatini joriy qilgan mamlakatlar soni yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo mamlakatlarining 87 foizdan ortig‘i maktabda ovqatlanish dasturlarini bolalar uchun nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun ham qo‘llamoqda.
2022 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash sinov tariqasida joriy etildi. Buning uchun davlat budjetidan har bir hududga 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berilishi bolalarning maktabga kelishini 8 foizga oshirgan.
O‘quvchilar uchun bepul avtobuslar
«O‘zbekiston-2030» strategiyasida har bir soha bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qat’iy rejalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab qo‘yilgan. Jumladan, maktablar faoliyatida ham 2030 yilgacha ro‘y beradigan o‘zgarish va yangilanishlar zamirida mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi bosqichlarida faoliyat yuritadigan yetuk, salohiyatli yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilangan. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim tizimida «Ta’lim uchun qulay muhit» dasturini amalga oshirish, dasturda katta hayotiy masalalar ko‘zda tutilgan. Shular orasida olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish maqsadi so‘zsiz eng yaxshilaridan biri.
Prezidentning joriy yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqlagan farmoniga ko‘ra, shu yilning 1 sentabridan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Oliy ta’lim
Oliy ta’limni isloh qilish uchun birinchi navbatda uning qamrov darajasini oshirish lozim edi. Buning uchun bizga xalqaro ta’lim me’yorlariga mos keladigan tizim yaratish uchun aniq, puxta ishlab chiqilgan va yillar kesimi bo‘yicha rejalashtirilgan, izchillik ustuvor bo‘lgan strategiyalar zarur edi. Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyalari oliy ta’lim, balki umuman, ta’lim tizimi uchun tramplin vazifasini o‘tab bermoqda.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida oliy ta’limga qamrov darajasi deyarli 40 foizga yetgan. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Talabalarning to‘lov-kontrakt masalasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt miqdorini bir o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rtga bo‘lib to‘lash huquqi berildi.
Bu talaba va uning ota-onasiga yengillik yaratdi. To‘lov-kontraktning to‘rtdan bir qismini to‘lash uning yarmini to‘lashdan ko‘ra osonroq va ortiqcha bosimdan xalos qiladi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarga ham oliy ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Xususan:
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etildi. Bunday ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillarining oliy ta’lim olishga sharoit yaratilishi tom ma’noda Xalq demokratik partiyasining maqsadi edi.
Yana har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy budjetdan to‘lab berilishi ham O‘zXDP g‘oyalariga to‘la mos keladi.
Bulardan tashqari 2023 yilgi Vazirlar mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri», «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»da turadigan talabalarga talabalar turar joylaridan joy berish belgilab qo‘yilgan.
Ko‘rinib turibdiki, ta’lim sohasidagi islohotlar ko‘lami va yo‘nalishi ko‘proq inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Bu yo‘lda aholining muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida urg‘u berilgani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yutug‘i ekanidan dalolatdir.
Ta’lim sohasida hozirgacha ro‘y bergan o‘zgarishlar ulkan mehnat, katta e’tibor ortidan kelmoqda. Hali oldinda vazifa ko‘p. Ko‘zlangan marralarga erishilganida mamlakatimizning ilmiy va kadrlar salohiyati, inson kapitali dunyo darajasida yuksaladi, millat, xalq, davlat sifatidagi intellektualligimiz rivojlangan bo‘ladi.
Ahmad QURBONOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 3.04.2023, №14