Pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

 

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qizg‘in muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston XDPning fraksiya majlisida ham mazkur masala atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini tashkil etuvchi mazmunan turli xatti-harakatlar uchun bir xil javobgarlik choralari belgilangan. Masalan, pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanish, ularni portlash-yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan joylarda saqlash, maxsus moslashtirilmagan sharoitlarda sertifikatlanmagan komponentlardan ishlab chiqarish va tayyorlash uchun bir xil jarima summalari belgilangan. Ularni olib kirish-olib chiqish yoki o‘tkazish uchun ham ayni miqdor ko‘rsatilgan.

Deputatlarning fikricha, mazkur xatti-harakatlar fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va jamoat tartibini saqlashga, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan turli darajadagi tahdidlar tug‘diradi. Bu esa, ko‘rsatilgan huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun tayinlanayotgan javobgarlik choralarining profilaktik ta’sirchanligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Natijada huquqbuzarliklar aniq turlarining xavflilik darajasi, iqtisodiy oqibatlari va maqsadlaridan kelib chiqqan holda, javobgarlik masalalarini qat’iylashtirishni talab qilmoqda.

Shundan kelib chiqib, kodeksdagi 1851-modda uch qismga bo‘linib, mavjud sanksiya moddaning birinchi qismidagi pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik sanksiyasi saqlanib qolishi taklif etilmoqda. Ularni noqonuniy ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, olib chiqish uchun javobgarlik ikkinchi qismga o‘tkazish yoki olib kirish uchun javobgarlik uchinchi qismga ajratib chiqarish hamda ularni sodir etganlik uchun qat’iyroq sanksiya choralarini belgilash nazarda tutilgan. Yana bir qo‘shimcha pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolatini Milliy gvardiya bo‘linmalaridan tashqari ichki ishlar organlariga berish bo‘yicha me’yor bilan kiritilyapti.

Taklif va tavsiyalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlarning turli savollariga sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan 3,8 mln.dan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud. Amaldagi qonunchilikda esa ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishning huquqiy asosi va tartibi mavjud emas. Hozirgacha huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta “aksiya” e’lon qilingan. Ularda hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy hujjatlashtirilgan.

Shundan kelib chiqib, aholi va tadbirkorlik subyektlarini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarini hal etish, ko‘chmas mulk obyektlarini to‘liq davlat ro‘yxatiga olinishini ta’minlash hamda yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida taklif etilgan loyiha yuzasidan fraksiya a’zolari o‘z fikr-mulohazalari, savollarini berdi.

Mavjuda Hasanova – Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– 8-moddada bog‘dorchilik, uzumchilik shirkatlari bo‘yicha beriladigan yerlar haqida aytilgan. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Hozirgi kunda ayrim fermerlar, fuqarolar tomoni g‘allachilik, paxtachilikka mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarni ham o‘zboshimchalik bilan egallagan holatlar bor. Mazkur Qonun qabul qilingach, mana shunday xonadon egalarining taqdiri nima bo‘ladi?

Qonun tashabbuskorlari bu masala 12-moddada ham kiritib ketilgani, ya’ni bino va inshoot, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish masalasi qonunchilik hujjatlariga asosan yer fondi toifasi o‘zgartirilganidan keyin ko‘rib chiqilishini ta’kidlashdi.

Baxs-munozaralardan so‘ng, taklif va tavsiyalar berilib, qonun loyihasi ma’qullandi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish