Yaqingacha hayot asosan poytaxt atrofida aylanardi. Hududlarga e’tibor katta emasdi. Bugun vaziyat tubdan o‘zgardi.
To‘g‘ri, joylarda turmush darajasi markaz bilan bir xil, deyish qiyin, biroq infratuzilma sohasidagi shiddatli o‘sish, zamonaviy sanoat korxonalarini qurish, uy-joy hamda ijtimoiy obyektlarni barpo qilish borasidagi o‘zgarishlar yaqqol ko‘rinib turibdi.
Jizzax hamda Sirdaryo viloyati poytaxtni Samarqand bilan bog‘lab turuvchi yo‘lda joylashgan hudud edi go‘yo. Endilikda Respublika bo‘ylab kuzatilayotgan o‘zgarishlar bu hududlarga ham yangilik bo‘lmay qoldi. Xususan, Jizzax viloyati ayrim sohalarda megopolisga aylanmoqda. Avvalo, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ancha ilg‘or. Sanoat tarmog‘idagi yangi yo‘nalishlar hamda qishloq xo‘jaligi tizimida mahsulot yetishtirish, chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishda katta qadamlar tashlanyapti. Qisqa davr mobaynida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida deyarli barcha bosqichlarni qamrab olgan xolding kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, bazaltdan zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxona deysizmi yoki avtomobil zavodimi, hammasi Jizzaxga yangi investitsiyalar hamda investorlarni jalb qilish imkonini oshirmoqda. Bu o‘z navbatida, aholi turmush sharoiti o‘sishiga ham xizmat qiladi, albatta.
Davlatimiz rahbari ushbu viloyatga navbatdagi tashrifi davomida sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, mahallalarda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Yangi korxonalar qurilishiga start berilib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
Sanoatda yana bir burilish
Forish — Nurota tog‘lari bilan o‘ralgan va hududi bo‘yicha viloyatda eng katta tuman. Shunga qaramasdan, yerdan foydalanish samaradorligi ancha past edi. Ko‘p yillar davomida hudud iqtisodiyoti bir yoqlama bo‘lib qolgan. Qishloq xo‘jaligidan keladigan daromadga hamda adir va yaylovlarda, asosan chorva boqib kun kechirilgan. Sanoat korxonasi haqida tasavvurlar ham bo‘lmagani rost.
Bugun Forishga sanoat kirib kelganiga yetti yil bo‘ldi. Olmossoy konidan bazalt toshini qazib olib, undan tola tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Noyob, innovatsion texnologiya asosida qurilish sanoati uchun muhim bo‘lgan armatura va setkalar ishlab chiqarila boshlandi.
Klasterda yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
Ushbu mahsulotlarni kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda qo‘llash bo‘yicha taqdimot qilindi. Prezidentimiz buning afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Yangi davlatlarga sifat sertifikatlari olib, tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish, xalqaro qurilish va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Yangi massivlarda hayot ham yangilanadi
So‘nggi yillarda viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari Jizzax uchun ilgari kuzatilmagan holatdir. O‘nlab zavodlar, turli korxonalar, yangi sanoat tarmoqlari — bularning barchasi ijtimoiy infratuzilma rivojiga hissa qo‘shmoqda. Sharof Rashidov tumani ham ana shunday qurilish bo‘yicha yirik megapolisga aylangan maskan.
Tumanning adir yonbag‘rida joylashgan 140 gektarlik maydon deyarli foydalanilmagan. Hozirda mazkur hududda qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilyapti. 3 bosqichdan iborat loyihada 3 ming 936 xonadonli 105 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, uylar 9, 12 va 16 qavatli bo‘lib, bu ham Jizzax sharoitida yangilikdir.
Davlatimiz rahbari hududga tashrif buyurar ekan, bu yil rejalashtirilganiga qo‘shimcha uylar qurib, imtiyozli ipoteka kreditlari orqali aholiga xarid imkoniyatini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shunga mutanosib ravishda infratuzilma tarmoqlari, maktab, bolalar bog‘chasi kabi ijtimoiy muassasalar qurilishini jadallashtirish, savdo va xizmatlarni, jumladan, yo‘l bo‘yida umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, viloyatda uchta shunday massiv barpo etilmoqda. Ularda 4 ming 700 xonadonga ega 156 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Aholi barcha ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlanadi. Umuman, mamlakatimizda 53 ta massivda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 14 ming 400 ta xonadonli 409 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda bunday massivlarda 31 ming 447 ta xonadondan iborat 767 ta turar joylar qurilishi belgilangan.
«Kia» zavodi milliy avtoindustriyada tanlov imkoniyati
«ADM Jizzakh» mas’uliyati cheklangan jamiyati xalq tili bilan aytganda esa «Kia» zavodi. U sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. 2021 yilda tashkil etilgan zavodda shu kunga qadar «Kia», «Chery» hamda «Haval» brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan.
Loyiha doirasida 234 million AQSH dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, 1 ming 800 ta ish o‘rni yaratildi. Umuman, korxonada yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Natijada kelgusida ish o‘rinlari soni 3 mingga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, yurtimiz sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ikkita yirik quvvatga start berildi
Jizzaxda istiqbolli loyihalardan yana ikkitasiga start berildi. Ulardan biri – G‘allaorol tumanida barpo etiladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, po‘lat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hududda bojxona ombori ham bo‘ladi. Jami 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Ikkinchi loyiha – Forish tumanida Xitoyning «China Poly Group» va «China Electric» kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladigan quyosh elektr stansiyasi. 350 million dollarlik ushbu majmua 500 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Unda yiliga 1,1 milliard kilovatt soat «yashil» energiya hosil qilinadi. Bu 450 ming xonadonning energiya ta’minoti yaxshilanadi, degani. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvati shu yil yakunida tarmoqqa ulanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur ikki majmua qurilishini boshlab berdi.
Jahon bozoriga yo‘l dalalarimizdan boshlanadi
Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda yurtimizda 3,1 mln tonna meva hamda rezavorlar yetishtirilgan va bu 2022 yilning mos davriga nisbatan 4,1 foizga oshgan. Jizzax viloyatida ushbu ko‘rsatgich 93,7 ming tonnani tashkil etgan. Bugun saxovatli Jizzax zaminida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Osiyo, ayniqsa, Yevropa bozorlarida o‘zining munosib o‘rniga ega ekanligini ta’kidlash joiz.
Davlatimiz rahbari muhim bir masalaga doim urg‘u beradi. Bobodehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifat jihatidan to‘g‘ri saqlash, qisqa fursatlarda belgilangan manzillarga yetkazib berish va eksport amaliyoti bilan shug‘ullanib keluvchi tadbirkor uchun ham keng imkoniyatlar yaratish jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish hamda buni majmua ko‘rinishida jamlash.
Sharof Rashidov tumanida «BMB-NRC Agrologistics» qo‘shma korxonasi tomonidan 40 gektar yer maydonida barpo etilgan, umumiy qiymati 58 million AQSH dollarini tashkil etadigan, 10 ming tonna hajmli muzlatkichli zamonaviy «Agrologistika kompleksi» ana shu tashabbusning hayotiy ko‘rinishi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari xom ashyoni chuqur qayta ishlash va saqlash quvvatlarini yuqori sur’atlarda zamonaviylashtirish, ko‘rsatiladigan xizmat turlarini oshirish, shuningdek, tovarlar bozorini kengaytirish borasida qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Yoshlar hamisha e’tiborda
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 noyabrdagi qaroriga muvofiq, kibersport turlari ommalashtirilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrida sobiq tennis korti binosi o‘rnida kibersport arenasi tashkil etildi. 1 ming 200 tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy zal zamonaviy holatga keltirildi. Shuningdek, bu yerda 12 ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.
Arena universal bo‘lib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo‘yicha xalqaro musobaqalarni, «Besh tashabbus» tadbirlarini o‘tkazish ham mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari maskandagi yoshlar bilan uchrashuvida kiber sport, shaxmat, «Zakovat» intellektual o‘yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi.
Yuqorida sanalgan barcha hayotiy misollar — ulkan bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarishdagi yirik megaloyihalardir. Aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar. Ularni birlashtiruvchi umumiy maxraj bor: aholi orasida band odamlarning ko‘payayotgani, mulk egalari soni ortib borayotgani, dadil qadamlar tashlanayotgani. Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanayotgani...
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Zilola Ubaydullayeva
tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 10.04.2023, №15