Dunyo miqyosida ishchi kuchining norasmiy migratsiyasi ham ko‘payib bormoqda. Hech qanday malaka talab qilmaydigan davlatlarga o‘zi ham mustaqil ravishda ishga ketayotganlar ko‘p. Bunday insonlar ijtimoiy, huquqiy jihatdan himoyalanmagan bo‘ladi. Aksariyat hollarda ular mahalliy ishchilarga nisbatan bir necha barobar past haq olib kelmoqda.
Halol mehnat bilan daromad topib, oilamni boqaman, deb yurgan bunday insonlarga ham oson emas. Ochig‘ini aytish kerak, xorijda ishlayotgan fuqarolarimiz orasida og‘ir mehnat sharoitlarida ishlayotgan, qiyin vaziyatga tushgan yurtdoshlarimiz ham bor. Boshpanasiz qolgan, haq-huquqlari kamsitilayotgan mehnat migrantlari ham yo‘q deysizmi? Albatta, oilasini, bola-chaqasini boqish, uy qurish, orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarish uchun yaqinlaridan olisda yashayotgan, ishlayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilish, mehnat migratsiyadan qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlash bugungi dolzarb masaladir.
Esingizda bo‘lsa, shu yil fevral oyining boshida davlatimiz rahbariga migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilingan edi.
Unda mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya berilishi, ushbu tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 milliard so‘m ajratilishi belgilangan edi.
Shuningdek, Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy ko‘mak beriladi hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi. «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratiladi. Tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. «Inson» markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.
Albatta, bu sohaning huquqiy asosini yanada takomillashtirish, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Shu ma’noda prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan yangi farmoni ayni muddao bo‘ldi. «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi (bundan budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno).
Bunda:
– subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;
– mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;
– mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar, deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
Joriy yil 1 iyundan quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
– mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
– mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti.
Shuningdek, 1 iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish, «ishchi viza»ni rasmiylashtirish va yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi.
Farmon bilan yaratilgan qo‘llov tizimi minglab yurtdoshlarimizning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladi.
Laziza Sherova,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 10.04.2023, №15