Buxorolik deputatlarni eshitamiz

 

Bugun mahalliy Kengashlar hayotiga nazar tashlasangiz, ulardagi sharoit, muhit, ish tartibi avvalgisidan o‘zgarganini ko‘rasiz. Yangi demokratik sharoitda ishlayotgan deputatlarning dunyoqarashi, fikri ham kechagidek emas.

Gazetamizning o‘tgan sonlarida Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi deputatlarimiz faoliyatiga nazar tashlagan edik. An’anani davom ettirgan holda, ushbu sonimizda Buxoro viloyatidagi deputatlarimizga murojaat qilamiz.

Deputat sifatida o‘zingizdan qay darajada qoniqyapsiz? Partiya guruhi bo‘lib, Kengashda hurmat, pozitsiya topa oldingizmi? Odamlar sizni deputat, deb tan oladimi? Ushbu savollarga javob olish uchun Buxoro viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlar bilan bog‘landik.

Ma’lumot uchun:

Bugungi kunda xalq deputatlari viloyat Kengashida 16 nafar, shahar va tuman Kengashlarida 73 nafar deputatlarimiz bor. Joriy yilning 3 oyi davomida deputatlar tomonidan 56 ta masala o‘rganildi. Shundan 23 tasi partiya guruhlarida, 13 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida va 12 ta masala Sessiyalar kun tartibiga kiritilgan. Saylovchilar murojaatlari va nazorat-tahlil natijalari asosida 61 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan, 41 tasi ijobiy yechim topgan. Ijro hokimiyati vakillari hisobotlari 10 marta eshitilgan.

 

Yoshlar muammolari hal etilmoqda

Shu yilning 11 mart kuni xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zXDP deputatlari tashabbusi bilan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora­tadbirlari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bundan avval deputatlar nazorat­tahlil ishlarini olib borishgandi.

– Dastlab viloyatdagi yoshlarning holati, muammolarini o‘rganib chiqdik, yuzma­yuz muloqot qildik, dildan suhbatlashdik, ularning kayfiyatini surishtirdik, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati Akbar Fozilov. – Uchrashuvlarda 11 ming nafardan ortiq yoshlarning muammolari o‘rganildi va ularni hal qilish choralari ko‘rildi.

Jumladan, 409 nafar yigit­qizlarga o‘z ishini yo‘lga qo‘yishida zarur bo‘lgan asbob­uskunalar uchun subsidiya ajratildi. 1206 nafar yoshlarga davolanish xarajatlari qoplab berildi. Vaqtinchalik ishsiz bo‘lgan 1250 nafar yigit­qizlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda 1 646 nafar (15%) yoshlarning muammolari ko‘rib chiqilmoqda.

Albatta, yoshlar masalasida davlatimiz zimmasida ulkan mas’uliyat turganini ko‘z oldimizga keltirsak, hammamizdan juda katta e’tibor, g‘amxo‘rlik talab etiladi. Bu masalaga befarq qarashga hech kimning haqqi yo‘q.

Shu kuni sessiya ancha jonli o‘tdi. Muammolarni ochiq­oydin tahlil qildik. Chunki yoshlar bilan suhbatlashganimizda, ularning qat’iyatliligini ko‘rdik, shijoati, g‘ayratini ko‘rib, bundan biz ham kuch oldik. Yoshlar muammolari hal qilinishida bizga ishonch bildirdi, shunga munosib bo‘lishimiz kerak. Shuning uchun sessiyada deputatlik guruhimizning barcha a’zolari faol qatnashdi, yaxshi takliflar aytildi, o‘rinli savollar berildi. Hozir sessiya qarori ijrosini qat’iy nazoratga olganmiz.

– Sessiyada yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, bandligini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat sharoitini yaratish bilan bog‘liq bir qator takliflar aytildi, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati Rajab Xudoyev. – Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil yakuniga qadar oliy ta’lim, professional va umumta’lim maktabi bitiruvchilari va ishsiz bo‘lgan 21405 nafar yoshlarning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Buning uchun mutasaddi tashkilotlarga barcha imkoniyatlarni ishga solish vazifasi yuklatildi.

Joriy yilning oktabr oyidan boshlab barcha mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi yoshlar yetakchilari bilan birgalikda hududdagi yigit­qizlar faoliyatini doimiy nazoratga olish, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Yoshlar murojaatlariga e’tiborli bo‘lish, bu bo‘yicha aniq choralar ko‘rish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Yoshlar bilan uchrashuvlarni, qabullarni aholi zich yashaydigan, olis va chekka hududlarda ko‘paytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

«Yoshlar daftari» bilan ishlash natijalarini har haftada kamida bir marotaba tanqidiy muhokama qilish topshirildi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, sektorlarda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigit­qizlar, muammoli oilalar bilan muntazam ishlash, bunda mahalla, yoshlar ittifoqi, ta’lim muassasalari, barcha jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning mas’uliyatini kuchaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

 

Ayollarning ko‘ngil daftari

31 mart kuni viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida partiyamiz deputatlari tashabbusi bilan yana bir muhim – xotin­qizlarni har tomonlama qo‘llab­quvvatlash bilan bog‘liq masala muhokama etildi.

Deputatlar nazorat­tahlil natijalarini o‘qib eshittirishdi. Qayd etildiki, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin­qizlarga manzilli yordamlar ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida «Ayollar daftari»ning oltinchi toifasiga kiruvchi 60 mingdan ortiq xotin­qizlar qamrab olingan bo‘lib, shundan 58 mingdan ortiq vaqtinchalik ishsiz ayollarning bandligi ta’minlangan.

Viloyatdagi 2937 nafar xotin­qizlarga tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish hamda tomorqadan unumli foydalanish maqsadida subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Ularning aksariyati hozirgi kunga qadar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 15 mingdan ortiq boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin­qizlardan 14 mingdan ortig‘iga moddiy yordamlar ajratilgan.

Deputatlarning ta’kidlashicha, o‘tgan yilning noyabr oyidagi holatga ko‘ra, «Ayollar daftari»ning to‘rtinchi bosqichiga kiritilgan xotin­qizlarning ijtimoiy muammolarini bartaraf etish viloyat bo‘yicha 95,1 foizni tashkil etgan.

 

Muammolar ham bor

Sessiyada deputatlar muammolarni ham atroflicha tahlil qilishdi. Ta’kidlandiki, xotin­qizlar jinoyati ko‘paygan. Shuningdek, xotin­qizlar tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlari ham oshgan (96 ta). Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 2082 nafar xotin­qizlarga himoya orderlari berilgan. Shuningdek, «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin­qizlar bilan ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan ularning muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etilishi uchun sustkashlikka yo‘l qo‘yish holatlari ham mavjud.

Shulardan kelib chiqib, sessiyada muhim qarorlar qabul qilindi. Ayollar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishining oldini olish bo‘yicha «fuqarobay» va «xonadonbay» ishlashni tizimli tashkil etish, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil xotin­qizlarning aniq ro‘yxatini shakllantirish, ular bilan manzilli tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha aniq choralar belgilandi. «Ayollar daftari» bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurati qayd etildi.

Mutasaddilarga yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarning, shuningdek, nogironligi bo‘lgan uy­joyga muhtoj ayollarning aniq, manzilli ro‘yxatlarini doimiy yangilab turish vazifasi topshirildi.

– Sessiyadan ko‘nglim to‘lib chiqdim, – deydi xalq deputatlari Vobkent tuman Kengashidagi O‘zXDP deputati Farhod Umarov. – Ayollarni o‘ylantirayotgan har bir muammoga chuqur yondashildi, bunga mas’ul idoralar vakillari ogohlantirildi. Deputatlar saylovchilar bilan uchrashuvlarda xotin­qizlardan bo‘lgan murojaatlar haqida ham gapirishdi, xato va kamchiliklar tahlil qilindi. Partiya guruhimizning takliflari sessiya qarorida o‘z aksini topdi. Endi uning ijrosini qat’iy nazoratga olamiz.

 

* * *

Bugun deputatlarimiz sessiya kayfiyatidan qoniqyapti, saylovchilar manfaatlariga aloqador masalalarda mutasaddi tashkilotlarga yuzlanyapti. Viloyatdagi deputatlarimiz faoliyatini kuzatsak, ular faollashgani, o‘z ishiga jiddiy ko‘z bilan qarayotgani yaqqol oydinlashadi.

Ammo tahlillarga nazar tashlasak, Jondor, Peshku, Qorako‘l tumanlaridagi deputatlarimiz faolligi deyarli sezilmayapti. Yilning birinchi choragi o‘tdi, ammo ular sukunatda. Bu tumanlarda saylovchilarni, elektoratni o‘ylantirayotgan masalalar yo‘qmikan?..

O‘z ishiga vijdonan yondashadigan deputat ertaga saylovchilar huzuriga nima deb borishi haqida ham o‘ylab ko‘radi.

Gazetamizning keyingi sonida Qashqadaryodagi deputatlarimizga so‘z beramiz!

 

Laziza Sherova,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 17.04.2023, №16

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish