"Pedagog maqomi toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi muhokamasi

 

2023 yilning 31 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan yigʻilishda qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.

 

Ulardan biri "Xususiylashtirish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi boʻlib, ushbu hujjat davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishi bilan muhim oʻrin tutadi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 27 oktabrda qabul qilingan "Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmoni doirasida ishlab chiqilgan ayni qonun loyihasi davlat mulki obʼektlarini xususiylashtirish jarayonlari ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshishini taʼminlash, xaridorlarning ommaviy savdolarda ishtirok etishlari uchun teng sharoitlar yaratish, shu asosda davlat mulkini xususiylashtirish natijalariga investorlar ishonchini mustahkamlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish maqsadlariga yoʻnaltirilgan.

Albatta, hozirda amaldagi "Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni mavjud boʻlgani holda yuqoridagi qonun loyihasiga qanday zarurat bor edi, degan savol tugʻilishi mumkin. Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, aynan davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va xususiy mulk ustuvorligini kafolatlash yoʻlida belgilangan islohotlarni roʻyobga chiqarish uchun ilgʻor xalqaro tajribalarni chuqur oʻrgangan holda bugungi davr talablaridan kelib chiqib xususiylashtirish jarayonlarini toʻliq qamrab oladigan yagona qonun hujjatini ishlab chiqish va hayotga tatbiq qilishga ehtiyoj yaqqol sezilmoqda. Qolaversa, bu sohadagi jarayonlarni tartibga solish bilan bogʻliq qonunosti hujjatlarining koʻpligi, ular oʻrtasida ziddiyatlarning kuzatilishi salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgani sir emas. Shu nuqtai nazardan 10 ta bob va 46 moddadan iborat "Xususiylashtirish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi alohida diqqatga molikdir.



Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, uning qabul qilinishi mamlakatimiz ichki resurslaridan va raqobatbardosh ustunliklaridan toʻliq foydalanish asosida iqtisodiyotning diversifikatsiyasini chuqurlashtirishga, investitsiya jozibadorligini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishini qayd etdilar.

Shundan soʻng yigʻilish kun tartibiga koʻra, "Pedagog maqomi toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi muhokamasiga kirishildi.
Taʼkidlanganidek, ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan bu qonun nafaqat huquqiy, balki siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ham egadir.
Dastlab mazkur qonun loyihasi nomi "Pedagog xodim maqomi toʻgʻrisida" deb keltirilgan edi. Aslida pedagog – bu alohida kasb egasi. Agarda "xodim" soʻzi qoʻshilsa, bu tushunchaning maʼnosi torayishi mumkin. Shu sababli qonun loyihasi nomidan ikkinchi oʻqishda "xodim" soʻzi chiqarib tashlandi hamda pedagog tushunchasi 3-moddada batafsil tavsiflandi.

Asosiy maqsad – pedagoglarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan bu qonunda soha vakillari oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash barobarida huquqlarini, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini davlat himoya qilishi qatʼiy belgilandi.

Hujjatda pedagogning oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirish tartibi, pedagog huquqlari va majburiyatlari, pedagogik etika qoidasi, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, attestatsiya va malaka toifalari, mehnatiga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish qoidalari aniq-ravshan keltirilganki, bu qonunning qabul qilinishi orqali, soʻzsiz, pedagoglarning nufuzi yanada yuksaladi.

Deputatlar masalaning ayni shu jihatiga urgʻu berib, pedagoglarning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish alaloqibat taʼlim sifatini oshirishga sezilarli turtki berishini aytib oʻtdilar.

Navbatdagi "Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi ham fraksiya yigʻilishi ishtirokchilarining qizgʻin muhokamasiga sabab boʻldi.

Maʼlumki, soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda insonning qadr-qimmati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar jadal surʼatga kirib bormoqda. Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash boʻyicha izchil ishlar olib borilyapti.Sud qarorlari qonuniyligi, asoslangani va adolat mezonlariga muvofiqligini tekshirish instituti takomillashayotgani ham haqiqat.

Mana shunday sharoitda, tabiiyki, sohaga doir qonun hujjatlari qatorida Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga ham zarur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni hayotning oʻzi taqozo qilmoqda. Ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan qonun loyihasida ushbu talab va meʼyorlar oʻrin olgan.



Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida koʻrilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrilishi, alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻrilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta koʻrilishi, shuningdek, apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan ishlarni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishi hamda ularning zimmasiga ish boʻyicha yakuniy qaror chiqarish masʼuliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Yigʻilishda ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalarning mohiyati hamda ahamiyati atroflicha bayon etilib, qonun kuchga kirsa, iqtisodiy sudlar faoliyatida sifat oʻzgarishlari yuz berishi uchun huquqiy asos yanada mustahkamlanishi, adolat va qonun ustuvorligiga xizmat qilishi borasida yakuniy xulosalar bildirildi.

Umuman olganda, yigʻilish kun tartibida koʻrilgan barcha qonun loyihalari Yangi Oʻzbekistonni taraqqiy ettirish, xalqimiz farovonligini oshirish yoʻlidagi keng qamrovli islohotlarda faol ishtirok etayotgan Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga uygʻunligi aytib oʻtildi.

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish

Qonun loyihasiga taklif bering!

Iltiimos, javobingizni kiriting!

+