“Global Janub ovozi”da Oʻzbеkiston ovozi

 

Oʻzbekiston Prezidenti Oʻzbekiston Hindistonning Katta yigirmatalikdagi raisligini va uning doirasida ilgari surayotgan ustuvor maqsad va ezgu intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Forum kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha qator amaliy takliflar bildirdi.

Taʼkidlandiki, bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini takomillashtirish zarur. Bu jarayonda “Global Janub ovozi” albatta eʼtiborga olinishi kerak – rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatlarini roʻyobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim. Ammo asosiy bozorlarga chiqishda mamlakatlarimiz hamon turli toʻsiq va cheklovlarga duch kelayotgani qayd etildi…

Mamlakat yetakchisi qayd etganidek, davlatlarimiz sanoat va agrar sohada katta salohiyatga, yirik ichki bozorlarga ega ekanini inobatga olib, global darajada adolatli raqobat muhitini yaratish masalasida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhim sanaladi.

Bundan tashqari, rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, global logistika va qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda koʻmaklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan oʻrin olishi kerak.

Yana bir strategik masala bu Yevroosiyo mintaqasidagi asosiy transport arteriyalaridan biri boʻlgan “Shimol-Janub” xalqaro yoʻlagini rivojlantirishdan iboratdir. Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afgʻoniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yoʻlni qurish loyihasi faol ilgari surildi. Hamkorlar ushbu oʻta muhim loyihada ishtirok etishga taklif etildi va jahonning yetakchi davlatlari koʻmagida “Global Janub” uchun yashil texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratish vaqti kelganiga urgʻu berildi.

“Navbatdagi dolzarb masala – inson kapitalini rivojlantirish va professional taʼlim sifatini oshirishdir. Biz Hindiston bilan taʼlim sohasida hamkorligimizni jadal olib borishdan manfaatdormiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun iqtidorli yoshlarni iqlim oʻzgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etish kerak. Shundan kelib chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasida “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish taklifi bildirildi.

Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka raisligi doirasida onlayn shaklda tashkil etilgan “Global Janub ovozi” sammitida davlatlar, mintaqalar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yer yuzida tinchlikni taʼminlash va qator global masalalarga yechim topishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. Sammitni 120 dan ortiq davlat, OAV vakillari, ekspetrlari kuzatib bordi.

Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, global logistika va qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish bilan bogʻliq dolzarb mavzular ham muhokama qilindi.

G20 juda katta tashkilot boʻlib, uning har yillik sammitida dunyodagi eng ustuvor vazifalar muhokama qilinadi. Sammitda ishtirok etish, takliflar ilgari surish mamlakatimiz, xalqimiz va albatta mintaqa uchun ham manfaatli hisoblanadi. “Global Janub ovozi”da muhokama etilgan masalalar yuzasidan siyosatshunoslar, parlament vakillari ham oʻz fikrlari bildirmoqda.

 

Sayfiddin JOʻRAYEV,

Sharqshunoslik universiteti professori, siyosatshunoslik fanlari doktori:

— Avvalo shuni taʼkidlash kerakki, sammitda davlatimiz rahbarining ishtirok etishi, mamalkatimiz, xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, takliflar berishi katta ahamiyatga ega.

Birinchidan, biz kabi qoʻshni mamlakatlarda ham osonlik bilan, kam xarajat qilgan holda jahon bozoriga chiqish boʻyicha siyosat olib borilmoqda. Buning uchun, albatta, transport logistika yoʻlaklarini hal qilish kerak. Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga jahaon bozorida juda katta ehtiyoj bor. Sababi, iqlim nuqtai nazaridan ham, vitaminlarga toʻyinganlik jihatidan ham tabiiy va oʻziga xos sharoitda yetishtirilishi mahsulotlarimiz sifati va qadrini oshiradi. Eʼtiborli tomoni ana shunday oziq-ovqat mahsulotlari qoʻshni davlatlarda ham koʻp. Bugungi kundagi asosiy muammolardan biri esa buni jahon bozoriga chiqarish boʻlib qolmoqda.

Bir necha bor ilgari surilgan taklif, yaʼni Afgʻoniston orqali Hindistonga chiqish koʻzlanayotgan logistika yoʻlagini qurib, ishga tushirish haqida soʻz bordi. Bu orqali butun Hind okeaniga, Gʻarb davlatlari, Amerikaga ham quyosh nuri ostida, tabiiy iqlim sharoitida yetishtirilgan mahsulotlar yetib boradi. Demak, bu taklifning tezroq amalga oshirilishi mintaqamiz uchun har tomonlama foydali boʻladi.

Chunki geosiyosiy nuqtai nazaridan ham, geoiqtisodiy nuqtai nazardan ham Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston ham ichkarida qolib ketganmiz. Bizda ishlab chiqarilgan, yetishtirilgan mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish uchun kamida 3 sutka, koʻpi 24 kun kerak boʻladi. Bu yoʻlkira narxning qimmatlashiga, yetkazib berishdagi turli toʻsiqlar, sifatning oʻzgarisha olib kelishi mumkin. Shu maʼnoda davlatimiz rahbari ilgari surgan taklif va tashabbuslar har tomonlama oʻrinli, deb baholanmoqda.

Sababi bugungi tahlikali vaziyatda oziq-ovqat masalasini hal qilish, inson kapitalini rivojlantirish kerak boʻladi. Buning uchun, albatta, rivojlanib kelayotgan davlatlarning manfaatini hisobga olish lozim. Asosiysi shundaki, bu masalani yil oxirida boʻlib oʻtadigan sammitning kun tartibiga aylantirish ilgari surildi. Hozirgi kundagi holatdan kelib chiqadigan boʻlsak, davlatimizning yangi va dolzarb tashabbusi hisoblanadi. Masalaning ikkinchi tomoni yangi rivojlanib kelayotgan davlatlar, misol uchun, Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon va u yerdan Qora dengizga chiqish hamda Yevropaga toʻgʻridan-toʻgʻri yetib borish imkoniyatlari paydo boʻladi.

Ekologik jihatdan qarasak, iqlim oʻzgarishi kuzatilmoqda va bu qishloq xoʻjaligiga juda katta salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shimoliy davlatlarda, Gʻarbda mahsulot yetishtirishning hajmi ham, sifati ham pasayib ketadi. Lekin bir vaqtning oʻzida Osiyo, anyiqsa, Markaziy Osiyoda taqchillikning oldini oladigan, oʻrnini toʻldiradigan mahsulotlar yetishtiriladi. Bu oʻz navbatida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga katta imkoniyat yaratadi.

Bilamizki, dunyoning koʻplab nuqtalarida turli konfliktlar, mojarolar boʻlyapti. U yerlarda oddiy aholi qiynalyapti. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, umuman, ishlab chiqarish toʻxtab qolgan holatlar bor. Odamlar ishsiz qolyapti, kun kechirish ham juda qiyinlashyapti. Mana shunday sharoitda transport logistikalar orqali muammoli hududlarga ham mahsulot yetib borishi turmush yaxshilanishiga olib keladi. Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirayotganlar, olayotganlar, yetkazib berayotgan va bu jarayonda oʻrtada turgan turli tashkilotlar ham oʻziga xos foydalar oladi. Shundan kelib chiqib, bu masalaga uzoq muddatli amaliy ahamiyatga molik boʻlgan takliflar sifatida qarash kerak.

— Oʻzbekiston yetishtirgan mahsulotini jahon bozoriga chiqarishdan tashqari, yana qanday manfaatlar koʻradi?

— Mamlakatimizga yangi texnologiyalarning kirib kelishiga xizmat qiladi. Natijada yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz dunyo standartlari darajasiga olib chiqiladi. Yangidan-yangi infratuzilmalar paydo boʻladi. Buning uchun esa koridor kerak. Sababi samolyotlar bilan yetkazib berish har doim ham manfaatli boʻlavermaydi, temiryoʻllar doimiy ishlaydigan boʻladi.

Qoʻshimcha ish joylari paydo boʻladi. Yangi ijtimoiy obyektlar, shifoxonalar, maktablar barpo etilishiga olib keladi. Oxir oqibat bu har bir kishiga, nafaqat oʻzbekistonlik, balki mintaqadagilarning ertangi kunga umidi oshishiga xizmat qiladi. Mintaqadagi barqarorlik esa bevosita yer yuzida tinchlik saqlanishida muhim omil boʻladi.

— Bunday yirik loyihalarga qoʻl urish xalq manfaatlariga xizmat qilishiga shubha yoʻq. Ammo masalaning ikkinchi tomoni borki, Yevropaga qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga Oʻzbekistonning salohiyati yetarlimi? Ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishi, narx-navoning oshib ketishi kuzatilmaydimi?

— Toʻgʻri, bu har bir fuqaroni qiziqtirishi tabiiy. Lekin uzoqni oʻylab qilinayotgan ishlar sabab talabni qondirish imkoni yuzaga keladi. Buning uchun avvalo tizim yaratilishi kerak va bu borada biz qadamlarni tashlaganmiz. Masalan, qishloq xoʻjaligida klasterning tashkil etilishi olinayotgan daromadning 3-4 barobarga oshishiga xizmat qilmoqda. Kelgusida ushbu yoʻnalishdagi ishlarni zamonaviy texnikalar yordamida yanada takomillashtirib boramiz.

Masalan, yaqin yillargacha ham paxtadan keladigan foyda yillik 800 ming dollardan 1,200 ming dollargacha boʻlar edi. Keyingi maʼlumotlarga qaraydigan boʻlsak, bu 1,5-2 barobarga oshganini koʻrish mumkin. Agar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning yanada samarali usullarini yoʻlga qoʻysak, bu borada davlatning tegishli dasturlari bor, foydani 4 barobargacha oshirish imkoni yuzaga keladi. Bu bir yillik foydani 10 millard dollargacha yetkazishni anglatadi. Demakki, mahsulot hajmi ortgandan keyin ehtiyojdan ham ortib qoladi va uni Yevropaga yetkazish orqali xalqimiz hayoti yaxshilanadi.

Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun suv masalalarini hal qilish kerak. Bu borada ham muhim qadamlar qoʻyilmoqda, yirik loyihalar amaliyotga tadbiq etilyapti. Suvdan tejamkorlik bilan foydalanish borasida huquqiy choralar yoʻlga qoʻyildi. Zero, rivojlangan Yevropa mamlakatlari allaqachon shu usulga oʻtgan. Bizda esa ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilgan. Xorijlik hamkorlar bilan ekin maydonlariga borganimizda katta-katta ariq suvlarini koʻrib, uning qayoqqa ketayotganini soʻrashardi. Qishloq xoʻjaligiga ekanini aytganimizda hayron qolishar edi. Bugunga kelib suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Muhimi, bu borada amaliy natijalar qayd etilmoqda.

Toʻgʻri, xalqaro tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilgan, hamkorlik amalga oshirilmoqda. Ammo zamonaviy texnologiyalarga ehtiyoj bor. Chunki jahon bozori sifat borasida oʻz talablariga ega. Shu jihatdan ham yangi imkoniyatlarni qoʻllash, xalqaro tajribani ommalashtirish lozim.

Masalan, 2017-yildan boshlab hududlar oʻrganildi. Mevalar yetishtirilayotgan ayrim joylarga sabzavotlar yoki paxta dalasi oʻrniga boshqa hosildorligi yuqori boʻlgan mahsulotlar ekilyapti. Chunki geografik joylashuvi, ob-havosi, iqlimi jihatdan har bir hudud oʻziga xos. Avvallari pilla faqatgina bahorda yetishtiriladi, degan qarash boʻlgan. Hozir esa yiliga 4 marta hosil olinyapti. Yaponiya texnologiyalari olib kelinyapti, innovatsilar joriy etilyapti. Muhimi, yerga boʻlgan munosabat oʻzgarmoqda. Yetishtirgan mahsuloti foyda berishi, bir soʻm sarflangan ish hech boʻlmasa ikki soʻm boʻlib qaytishi kerakligi haqida odamlarda psixologiya shakllanyapti. Qishloqda tugʻilib katta boʻlganman. Har bitta agronom bir yil ishlamasdan qochib ketardi. Nima uchun? Chunki ularda motivatsiya yoʻq edi, manfaatdorlik boʻlmagan.

Qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan institutlar modernizatsiya qilinyapti. Misol uchun, Vengriya bilan kartoshka yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar olib borilyapti. Albatta, shu paytga qadar ham ushbu mahsulotni yetishtirganmiz. Ammo Yevropa bozoriga kirish uchun ular bilan birgalikda ishlasak, ham oson boʻladi, ham imkoniyatlar kengayadi.

Bizda bir yilda 6600 kilo kalloriyadan ortiq issiqlik tushadi. Tabiiy geografik jihatdan imkonoiyatlarimiz juda keng. Faqat buni hayotda qoʻllash kerak, xolos. Jahon bozori standartlariga chiqish uchun, ana shu darajadagi mahsulotlarni yetishtirish uchun ilgʻor qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini jalb qilish talab etiladi.

Tan olib aytish kerakki, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bizning asosiy daromad manbaimiz sanaladi. Hisob-kitoblarga koʻra, yaqin 10-15 yil ichida aholi soni 50 millionga yaqinlashadi. Buncha aholini ish bilan taʼminlash, oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun juda katta miqdorda mahsulotlar ishlab chiqarish kerak. Shuning uchun ham bu strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoʻnalish hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, davlatimiz siyosatining maxsus dasturlari yoʻlga qoʻyilgan. Sanoat ham, fan ham shunga yoʻlantirilgan. Doimiy ravishda ushbu dasturlar amalga oshirib borilishi, zarur mablagʻlar ajratilishi bosqichma-bosqich takomillashuvga olib keladi. Eng asosiysi, zarur mablagʻlarning hammasi kerakli nuqtaga ajratilishida. Boisi qishloq xoʻjaligi juda katta soha va butun byudjet ham yetmasligi mumkin. Lekin hayotda tizim tashkil qiluvchi element nuqtalari boʻladi. Qishloq xoʻjaligida klaster tizimi, suvni tejash va tekstil sohasini rivojlantirish ana oʻsha elementlar hisoblanadi. Mana shunga eʼtibor berilishi katta oʻzgarishlarga olib keladi va uning albatta istiqboli bor.

Faqat buning uchun tinimsiz ishlash, izlanish lozim. Ana shunda aytilayotgan gaplar amalga oshishi uchun bir necha oʻn yil emas, kamroq muddat yetarli boʻladi.

 

“Oʻzbekiston ovozi” muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA

suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 18.01.2022, №2

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish