Kun tartibiga bir qancha qonun loyihalari kiritildi



Xalq demokratik partiyasining fraksiyasida aholining ogʻirini yengil qilishga, huquqiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.

Shulardan biri, "Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi edi.

Ushbu qonun Fuqarolik kodeksi va Yer kodeksi servitut shartnomasi, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, servitutni oʻzgartirish, bekor qilish, servitut uchun haq toʻlash, ommaviy servitutni belgilashga oid qoidalar bilan toʻldirilmoqda.

Maʼlumot uchun, "servitut" huquqi bu – oʻzganing koʻchmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanishdir.

Bundan tashqari, ijara munosabatlarining obʼektlariga boʻlgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) belgilanmoqda, yer uchastkalarini ijaraga berishning tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasiga mulk huquqini bekor qilish hollari aniqlashtirilmoqda.

Qonun ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bogʻliq munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinishiga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda "Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga yangi vakolatlar yuklash, uning sudyalari vakolat muddatlarini belgilashga doir yangi normalar belgilangan. Qonun yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarning ustunligi soʻzsiz tan olinishi, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega boʻlishi, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishiga hamda davlat organlarining faoliyatida konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Mazkur Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanishini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Shu kuni, oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan "Metrologiya toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Maʼlumki, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, mazkur sohalarda xalqaro standartlarni tizimli ravishda joriy etish dolzarb masala. Shuning uchun bu yoʻnalishda katta ishlar qilinmoqda. Bajarilayotgan ishlarning huquqiy asosini mustahkamlash ham muhim sanaladi.

Qonunda "Metrologiya toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻlchash vositalarini qiyoslash xizmatlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan koʻrsatilishini, oʻlchash natijalari davlat ahamiyatiga
ega boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishini, shuningdek, metrologiya tekshiruvi hamda davlat metrologiya nazorati funksiyalarining ajratilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun metrologiya sohasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilishiga va faol raqobat muhiti shakllantirilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

OʻzXDP matbuot xizmati

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish