«Faol ayollar» qanoti

“FAOL AYOLLAR” QANOTI TO‘G‘RISIDA

Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, fuqarolik jamiyati qurilishida ularning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida 2007 yil O‘zbekiston XDPning “Faol ayollar” qanoti tashkil etildi. Hozirgi kunda “Faol ayollar” qanoti o‘z atrofiga respublika bo‘yicha jami 236`692 nafar xotin-qizlarni birlashtirgan.

Maqsadi:

- partiya a’zolari bo‘lgan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirish, huquq va erkinliklaridan foydalanishlarini ta’minlash, ularda faol fuqarolik qarashlarini rivojlantirish, shaxs sifatida shakllanishlari va o‘zlarining imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishlariga, O‘zbekiston Respublikasining barqaror va tinch yo‘l bilan rivojlanishida hissalarini qo‘shishni tashkillashtirishga hamda O‘zbekiston XDPga a’zo bo‘lgan xotin-qizlarning kelgusi saylovlarda ko‘pchilik o‘rinlarni egallashlariga ko‘maklashishdan iborat.

Vazifalari:

- partiyaning dasturiy hujjatlarida ifodalangan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni bajarishda qatnashish;

- xotin-qizlarning huquqiy erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jamiyat rivojiga taalluqli bo‘lgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;

- xotin-qizlarda rahbarlik va boshqaruvchilik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning siyosiy va ma’naviy ko‘nikmalarining rivojlanishiga yordamlashish;

- O‘zbekiston XDPdan mahalliy kengashlarga deputat etib saylangan ayollarga deputatlik faoliyatini amalga oshirishlarida ko‘maklashish;

- xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish;

- partiya qoshidagi jamoatchilik qabulxonalari va huquqiy maslahatxonalar faoliyatini takomillashtirish orqali tegishli davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar diqqatini mavjud muammolar yechimiga qaratish yo‘li bilan ayollarning huquq va erkinliklarini himoya qilish;

- yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, onalar va bolalar salomatligini tiklashga ko‘maklashish, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;

- xotin-qizlarning faol fuqarolik qarashlarini shakllantirish, ularning siyosiy, huquqiy va tibbiy madaniyatini oshirish, barkamol avlod tarbiyasidagi ishtirokini kuchaytirish;

- O‘zbekiston XDP a’zolari orasidan siyosiy bilim darajasi va tashkilotchilik qobiliyati yuqori bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ularni partiya tizimiga jalb etish, kadrlar zahirasiga qo‘shish hamda kelgusi saylovlarda nomzodlarini deputatlikka ilgari surish;

- O‘zbekiston XDP a’zolari bo‘lgan ayollarning ijtimoiy- siyosiy faolligi monitoringini olib borish;

- ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga oid muammolarni o‘rganish, taxlil qilish va ularni bartaraf etish maqsadida amaliy ishlarni bajarish;

- xotin-qizlarga taalluqli bo‘lgan qonun hujjatlari ijrosi monitoringini olib borish va O‘zekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasiga mazkur normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritish;

- O‘zXDPdan saylangan deputatlik guruhlari va fraksiya bilan uzviy hamkorlikda ishlash;

- O‘zbekiston XDP Ustavi, Dasturida belgilangan vazifalarni bajarish;

- xizmat vazifasiga taalluqli bo‘lgan, tegishli yuqori tashkilotlar tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z muddatlarida bajarish.

 

PARTIYA TIZIMIDA XOTIN-QIZLAR SALMOG‘I

Yaratilgan shunday imkoniyatlar natijasida mamlakatimizda xotin-qizlarning har bir sohadagi faolligi oshirib bormoqda, nafaqat, fan, ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotda, balkim, siyosiy jarayonlarda ham xotin-qizlar ishtiroki tobora kengaymoqda. Parlamentda va mahalliy kengashlarda xotin-qizlar soni va hissasi ortib bormoqda. Xalq demokratik partiyasi misolida aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 5 nafar, senatda 4 nafar, mahalliy kengashlarda 480 nafardan ortik partiyamizdan saylangan deputat ayollar partiya elektorati manfaatlarini himoya qilmoqdalar.

Yoki, bugungi kunda O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi a’zolarining 240 mingga yaqin, ya’ni qariyb 49 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Ulardan 200 nafardan ortig‘i mintaqaviy va mahalliy partiya tashkilotlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritadi. Jumladan, partiyamizning 4 ta viloyat kengashi, 50 dan ortiq tuman, shahar kengashlari hamda 4100 dan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlariga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda. Ko‘rsatilgan raqamlarning o‘ziyoq mamlakatimiz siyosiy hayotida xotin-qizlarning o‘rni va faolligi tobora oshib borayotganini ko‘rsatadi.

 

AMALGA OSHIRILAYOTGAN LOYIHALAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish” to‘g‘risidagi 5325-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishga ko‘mak berish maqsadida “Ijtimoiy ko‘mak—tashabbuskorlikka yo‘l ochmog‘i kerak!”, “Ayollar ijtimoiy himoyasi- ijtimoiy faollik poydevori” mavzularidagi xotin-qizlar forumlari, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar holidan xabar olish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Har bir insonga mehr muruvvat ko‘rsatish burchimiz!” loyihasi, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Aholi bandligi – ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo‘li”, “Ijtimoiy himoyadan- ijtimoiy faollik sari”, “Ayollar bandligi – oila farovonligi garovi” kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Yuksak siyosiy bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni kadrlar zaxirasiga kiritish, rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish hamda partiya tizimiga jalb etish maqsadida “O‘zbekiston XDPning eng faol ayoli” ko‘rik-tanlovi, shuningdek, bu yilgi saylovlarda xotin-qizlar orasidan deputatlikka munosib nomzodlarni tanlab olish, ularni deputatlikka tayyorlash maqsadida “Xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari” mavzusida o‘quv-seminarlari, seminar-treninglari o‘tkazilmoqda.

2019 yil 6 oyi davomida 1000 nafardan ortiq xotin-qizlarni ishga joylashtirishga, 617 nafariga o‘z biznesini ochish, tomorqada ishlash, parrandachilik bilan shug‘ullanishlari uchun banklardan kredit olib berishda ko‘mak berildi, 339 nafar xotin-qizlar esa kasanachilik mehnatiga jalb qilindi. Bundan tashqari, Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda barcha mintaqalarda “Ayollar ijtimoiy himoyasi -ijtimoiy faollik poydevori” mavzusida o‘tkazilgan xotin-qizlar forumlari doirasida uzoq bo‘lgan hududlarda, chekka qishloqlardagi 100 dan ortiq mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishlash imkoniyatiga ega nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga o‘z tadbirkorlik ishini yo‘lga qo‘yib olishlariga amaliy yordamlar berildi. Besh yuzdan ortiq xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘mak berildi. 2000 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan ayollar xonadoniga tashrif buyurildi, muammolari o‘rganildi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi

 

XOTIN-QIZLAR MASALASIDA HAMKORLIK

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, huquqiy savodxonligini oshirish, jamoat, siyosiy va kasbiy sohalarda, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etishlarini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, shuningdek, ayollarimizning sog‘ligini mustahkamlash, sog‘lom oilani shakllantirishga ko‘mak berish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston XDP bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” IATM, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya jamg‘armasi hamda “Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash” assosiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik memorandumlari imzolangan. Hamkorlik asosida turli xil tadbir, loyihalar hamda targ‘ibot - tashviqot ishlari olib borilmoqda. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda. Joylardagi mahalla kengashlari ham partiyaning doimiy hamkori hisoblanadi.

 

 

 

 

Hududlar

Yangiliklar